Hozirda yosh tadbirkorning xonadonidagi ustaxonasida 40 turdan ziyod milliy zargarlik mahsulotlari yasalmoqda.
“Tarix faniga qiziqaman. Tarixiy kitoblar, filmlardagi zargarlik taqinchoqlarini ko‘rib, o‘zim ham shunday narsalar yasagim kelardi. Bundan uch yil oldin o‘zimga bilaguzuk yasadim. Dugonalarim ko‘rib o‘zlariga ham xuddi shunday bilaguzuk yasab berishimni so‘rashdi. O‘nta bilaguzuk qildim. Keyin ularning dugonalari ham so‘rashdi. Shunday qilib, buyurtmalar ko‘payib ketdi.
Zebigardon, tillaqosh, toj va boshqa zargarlik taqinchoqlari yasashni o‘zlashtirdim. Mijozlar ko‘paygandan keyin bir o‘zim mahsulotlarni yasab yetkazishga ulgurmasligimni bildim va sinfdoshlarimga hunarni o‘rgata boshladim. Ular ikki oy ichida ular hunarni egallashyapti.
Telegram, instagramda sahifalarimiz bor; u yerda ham buyurtmalar olamiz. Asosiy vodiydagi katta bozorlar – Qo‘qon bozorlari va “Andijon jahon bozori”ga ulgurji mahsulot beramiz.
Bir haftada shogirdlar bilan 500 dona tasbeh, 50-60 ta tillaqosh va zebigardonlar yasashga ulguryapmiz”, – deydi yosh tadbirkor Gulbahor Tojimuhammedova.
Bilamizki, turli zargarlik buyumlari bizga Xitoydan kirib keladi. Yosh tadbirkor esa bozorni milliy mahsulotlar bilan ta'minlayapti.
Hozir yoz, to‘ylar fasli. Buyumlarga talab ko‘p. Tadbirkor qizning aytishicha, oylik daromadi o‘rtacha 4 million so‘mni tashkil etmoqda.
Sinfdoshlari OTMga o‘qishga tayyorlanish bilan birga, bo‘sh vaqtlarida unga yordam berishadi. Gulbahor shogirdlariga qilgan ishlariga qarab, 700 ming so‘mgacha oylik maosh berilayotganini aytdi.
“Hozirda Xonobod shahridagi 1-umumta'lim maktabini muvaffaqiyatli tamomlab, Toshkent texnika universitetiga hujjatlarimni topshirdim. O‘qish bilan birgalikda, ishlab chiqarishimni rivojlantirib bormoqchiman”, – deydi Gulbahor Tojimuhammedova.
Yosh, iqtidorli tadbirkorning amalga oshirayotgan ishlariga havas qildik.
Bugungi kun qahramonlari – ijtimoiy tarmoqlarda turli va antiqa “chiqish”lari bilan mashhur bo‘layotgan yoshlar emas, Gulbahor singari ertangi kun egalari bo‘lishini xohlardim...
Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov