Sobiq ittifoq hududida yagona bo‘lgan “BelAZ” bu segmentda o‘z o‘rnini nafaqat saqlab qolgani, balki rivojlantira olgani tahsinga sazovor. Chunki ishlab chiqaruvchilar soniga barmoqlar yetarli bo‘lsa-da, jahonda bu sohada raqobat juda kuchli. Zero bu mashinalarni olib ishlata biluvchi xaridorlar ham sanoqli.
Asosan AQSh va Yaponiya yetakchilik qilib kelgan bu sohaga so‘nggi yillarda Xitoy ham faol kirib kelmoqda.
Agar yengil avtomobillar asosan tashqi ko‘rinishi, qulayligi va tejamkorligi kabi jihatlariga qarab baholansa, bahaybat samosvallarni tanlashda asosan yuk ko‘tara olish, chidamlilik va zarur joyga ularni yetkazib kelish kabi tomonlariga qaraladi. Chunki bu avtomobillar biz bilgan yo‘llarda yura olmaydi, ularni ko‘taruvchi kranlar ham juda kam, umuman, tog‘lardagi konlarga yetkazib kelish ancha xarajatni talab qiladi.
Savol tug‘iladi – nega shuncha qimmat bitta maxsus avtomobilda yuk tashiguncha o‘nlab kichik yuk tashuvchilardan foydalanish mumkin emas? Axir yonilg‘i sarfi, ehtiyot qismlar, avtomobil narxi kabi omillar baribir katta farq qilmaydi-ku? O‘tgan asrning oltmishinchi yillariga qadar ham tog‘-kon sanoatida asosan nari borsa 20-30 tonna yuk tashuvchi avtomobillar xizmat qilgan. Ammo keyinchalik sanoat hajmi keskin osha boshlagan, qazib oluvchi texnika yiriklasha boshlashi oqibatida tashuvchi texnikaga ham ehtiyoj ko‘paya borgan.
Konlar chuqurlashgan, ulardagi yo‘llarda qatnov cheklangan, kichik avtomobillar tig‘iz qatnov tugul umuman yura olmay qolishgan. Eng muhimi – bir tonna yukni tashib olish samaradorligi va xarajati bo‘yicha bahaybat avtomobillar yagona vosita ekanligi ilmiy jihatdan isbotini topadi. Faqat ular bayramlar, dam olish kunlariga qaramay uzluksiz ishlatishga ham chidagan, ham buncha pulga olingandan keyin tindirilmagan.
Katta samosvallar reytingiga qaralsa, nima uchun faqat eng ko‘p yuk tashuvchi yetakchilar rivojlanib ketib, boshqalar o‘yindan chiqmagan, degan savol ham tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, ko‘p yuk tashiy bilish muhim bo‘lsa-da, bir jihat xolos. Konchilar o‘z qazilma boyliklari turiga (masalan, kimgadir katta hajmda, lekin yengil bo‘lgan ko‘mir, kimgadir kichik hajmda, lekin juda og‘ir xarsang tashish muhim), masofaga, oldingi texnika parki va doimiy shartnomalar kabi jihatlarga ko‘ra xarid qiladilar. Qolaversa, bahaybat texnikalar xaridi shu qadar jiddiy masalaki, buning uchun davlatlararo aloqalar ham juda muhim.
Bugungi kunda katta avtomobillar orasida yetakchilar quyidagilar:
Hitachi EH50000AC-3
Yuk tashish quvvati 326 tonna. 2012 yildan beri ishlab chiqarilayotgan bu avtomobilning uzunligi 15,51 metr, eni 8,6 m, balandligi esa 7,41 metr. 16-silindrli dizel motorga ega bu “yapon” o‘z tezligini 90 km/soatgacha chiqara oladi.
Caterpillar 795F AC
Caterpillar AQSh sanoatining faxri, brendlar orasida juda taniqli. Caterpillar 795F Ac’ning yuk tashish quvvati 345 tonna. Yuk bilan birga massasi 628 tonna bo‘lgan bu avtomobilning uzunligi 15,15 metr, eni 8,97 m, balandligi esa 7,04 m. Shuningdek, jahon bozorida Caterpillar 797F modeli ham sotiladi. Bu model 400 tonnagacha yuk olish bilan birga umumiy og‘irligini 687,5 tonnagacha oshira oladi. 2009 yildan beri ishlab chiqarilayotgan bu samosval shuncha haybatiga qaramay 110 km/soat tezlikni zabt etishi mumkin.
Terex MT 5500 AC
360 tonna yukni olib, o‘z tezligini 100 km/soatgacha chiqara oladigan bu “mittivoy”ning yuk maksimal og‘irligi 598 tonnani tashkil qiladi. O‘lchamlari ham haybatli – 14,87x9,05x7,67 metr. 16 silindrli dizel motor 3000 ot kuchiga ega bu avtomobilning o‘ziga xos jihati elektromotori ham borligidir.
Komatsu 960E-1K
Umuman Komatsu bu sohada dunyoga dovruq taratgan brendlardan biri. Yuk tashish quvvati 360, umumiy massasi 635 tonna. 18-silindrli V-simon motorga ega bu “yapon” o‘z tezligini 100 km/soatgacha chiqarishi mumkin.
XCMG DE400
Xitoyning bu avtomobili o‘ziga xos jihati kengligidir. U roppa-rosa 10 metrga teng. Uzunligi 16, balandligi 7,6 metr bo‘lgan bu avtomobil tezligi bilan maqtana olmaydi – 50 km/soat. Lekin ishining o‘ziga xosligiga ko‘ra kichik tezlik katta kamchilik emas. 2012 yildan beri ishlab chiqarilayotgan bu samosval 363 tonna yukni tashish va ag‘darishga moslashgan.
BelAZ 75601
Prezident Shavkat Mirziyoyev kabinasiga chiqqan samosval modeli shu modelning oldingi modifikatsiyalaridan biri. Umumiy massasi 672 tonnaga yetadigan bu samosval 396 tonna yuk tashiy oladi. O‘lchamlari 14,9x9,28x7,22 metr. Aynan chuqur va yirik karerlardan ulkan toshlarni tashib chiqishga mo‘ljallangan.
Liebherr T284
Nemis yirik sanoatining ramzi, bu sohada yetakchilardan biri. Maksimal og‘irligi 661 tonnaga yetish bilan birga 400 tonna yuk tashiy oladi. O‘lchamlari ham haybatli 15,59x7,42x8,3 metr. 20-silindrli, 3750 ot kuchiga ega dizel motorli bu “nemis” o‘z tezligini 100 km/soatgacha chiqara oladi.
BelAZ-75710.
Rekordchilar rekordchisi. 2013 yildan boshlab ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan va hujjatiga ko‘ra 450 tonnagacha yuk tashishga mo‘ljallangan. Ammo 2014 yildayoq sinov poligonida 503,5 tonna yuk tashib, absolyut rekord o‘rnatgan. Kuzov hajmi 157,5 m/kubni tashkil qiladi. Maksimal tezligi 64 km/soat. Yuqorida aytilganidek, bu sohada tezlikning pastligiga jiddiy qaralmaydi.
O‘rtacha bahosi 12 mln dollar!
Yuqorida aksariyat modellarning narxi yozilmagan. Buning aniq sababi bor – chunki maxsus texnika umumiy bozorga chiqariladigan mahsulot emas. Har bir mahsulot bahosi xaridor aynan nimani xohlashiga, texnika qayerga yetkazilishiga, unga kelgusida xizmat ko‘rsatish shartlari va ehtiyot qismlar komplektatsiyasi kabi omillarga qarab hisoblab chiqiladi. Qolaversa, bu boradagi shartnomalar odatda bitta avtomobil uchun tuzilmaydi.
Lekin umumiy bahoni chiqarish mumkin – yuqoridagi ro‘yxatdagi bitta avtomobilni sotib olmoqchi bo‘lganlar o‘rtacha 10 mln dollar atrofida mablag‘ egasi bo‘lishlari lozim.
Abror Zohidov tayyorladi.