Ko‘chatlar va payvandtaglarni sotib olishda subsidiyalar beriladi

Iqtisodiyot 18:29 / 26.07.2021 7028

Hukumat qaroriga muvofiq, qishloq xo‘jaligi birlashmalari a'zolari, meva-sabzavot klasterlari ishtirokchilari va tadbirkorlik sub'yektlariga mahalliy sharoitda yetishtirilgan intensiv ko‘chatlar (pakana va yarim pakana) hamda payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratiladi.

Nizomga ko‘ra, subsidiyalar ko‘chatlar va payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun beriladi (danak va urug‘dan ko‘paytirilgan payvandtaglar bundan mustasno).

 Subsidiyaning bazaviy hisoblash miqdori sotib olinadigan ko‘chatlar va payvandtaglarning har bir donasi uchun quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • intensiv meva va uzum ko‘chati uchun – 8 000 so‘m;
  • payvandtag uchun – 2 500 so‘m.

 Subsidiya miqdori tok ko‘chatlari (xo‘raki va kishmishbop) uchun 0,15, urug‘li mevalar uchun 0,50, danakli mevalar uchun 0,75, yong‘oq mevalar uchun 1,00 koeffitsiyentlarni bazaviy hisoblash miqdoriga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Har yili 1 noyabrga qadar loyiha tashabbuskorlarining intensiv ko‘chatlar turlari, navlari va miqdoriga bo‘lgan talabini aniqlash maqsadida intensiv bog‘ va tokzor barpo etish bo‘yicha loyihalarning manzilli ro‘yxati shakllantiriladi.

 Avvalroq, uzum plantatsiyalari uchun subsidiyalar ajratilishi xabar qilingandi.

Bundan tashqari, sholikorlarga, parrandachilik, ipakchilik va qorako‘lchilikka ham subsidiyalar berilishi ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: