«2021 yilning 13 va 20 iyul kunlari Rossiya Federatsiyasi Veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha federal xizmati (Rosselxoznadzor) rasmiy veb-saytida ketma-ket ravishda O‘zbekiston Respublikasining Buxoro hamda Toshkent viloyatida yetishtirilgan pomidor va qalampir mahsulotlarida «Pomidor jigarrang bujmayish virusi» - (Tomato brown fruit virus) va «Pepino mozaikasi virusi» (Pepino mosaic virus) kasalligi aniqlanganligi bois, ularning Rossiya Federatsiyasiga olib kirilishi uchun vaqtinchalik taqiq qo‘yilgani to‘g‘risida xabarlar e'lon qilindi.
Mazkur vaqtinchalik cheklov va uni bartaraf etish yuzasidan O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi hamda «Rosselxoznadzor» o‘rtasida onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijalariga ko‘ra, Buxoro hamda Toshkent viloyatlarining pomidor va qalampir mahsulotlari yetishtiruvchilari ro‘yxati qayta shakllantirilib, Rossiya tomoni bilan hamkorlikda videoinspeksiya o‘tkazilishiga kelishildi hamda uning natijasi asosida Rossiya Federatsiyasiga pomidor va qalampir mahsulotlarini eksport qilishi ruxsat etilgan issiqxona hamda dala maydonlarining ro‘yxati tasdiqlanishi belgilandi», deyiladi munosabatda.
Shu asosda O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan Buxoro hamda Toshkent viloyatlaridan Rossiya Federatsiyasiga pomidor va qalampir mahsulotlarini eksport qiluvchi issiqxonalarda o‘rganishlar hamda nazoratni kuchaytirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
«Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, pomidor va qalampir mahsulotlarini Rossiya Federatsiyasi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tarkibidagi boshqa davlatlarga eksport qilishda belgilangan fitosanitariya talablariga qat'iy rioya etish, jumladan, mahsulotlarni faqatgina O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan fitosanitar holati nazoratdan o‘tkazilgan xo‘jaliklardan yuklash, nazoratdan o‘tkazilmagan hududdan mahsulot yuklash holatlarida esa, bu haqda o‘simliklar karantini davlat inspektorlariga xabar berish lozim.
Barcha pomidor va qalampir mahsulotlarini yetishtiruvchilar hamda eksport qiluvchilar virusdan xoli mahsulotlarni yetishtirish va eksportga yuklash maqsadida quyidagilarni tashkil etishlari maqsadga muvofiq:
- barcha issiqxonalar va dalalarning o‘zida namunalarni hududiy inspektorlar orqali o‘rnatilgan tartibda markaziy karantin laboratoriyasi orqali polimeraz zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvidan o‘tkazish;
- eksportyorlar mahsulotlarni eksportga yuklashdan oldin uning virusdan xoli ekanligini aniqlash maqsadida pomidor yetishtirilgan hududlarning fitosanitar tozaligi to‘g‘risida PZR tekshiruvi xulosalari olinganligini issiqxona xodimidan so‘rashi;
- pomidor va qalampir yetishtiruvchilar ko‘chatlarni ekishdan oldin, ko‘chat yetishtiruvchilar esa urug‘larni ekishdan oldin PZR analizidan o‘tkazishlari;
- urug‘ va ekish materiallarini import qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar yil oxirigacha import qilinishi rejalashtirilgan hududlarning manzilini ko‘rsatgan holda xat orqali elektron murojaat qilishlari lozim.
Shuningdek, virusdan xoli ekanligini tasdiqlovchi PZR xulosasiga ega bo‘lgan issiqxona va dala maydonlarida yetishtirilgan mahsulotlar eksportga yuklanishidan bir kun oldin tadbirkor hududiy o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga elektron tarzda murojaat qilishi kerak. Shundan so‘ng inspektor mahsulotning eksportga tayyorlanishi jarayonida bevosita ishtirok etadi hamda fitosanitariya sertifikatini joyida rasmiylashtirib beradi. Bunda fitosanitariya sertifikatiga qo‘shimcha ravishda PZR xulosasi ham ilova qilinishi lozim.
Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan ayni paytda pomidor va qalampir mahsulotlarini yetishtiruvchilar uchun alohida tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Tadbirkor, fermer va dehqonlar o‘simliklar karantinidagi mahsulotlarni yetishtirish, ularni eksport-importi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar yuzasidan «O‘zdavkarantin» inspeksiyasining (71) 202-10-00 telefon raqamlari orqali qo‘shimcha ma'lumot olishlari mumkinligi ma'lum qilamiz», deyiladi munosabatda.