Mercedes 2030 yilga borib ichki yonuv dvigatellarida mashinalar ishlab chiqarishni tark etib, butunlay elektromobillar ishlab chiqara boshlaydi. Bu haqda mashhur brendga egalik qiluvchi Daimler kompaniyasining relizida so‘z boradi.
2025 yildan boshlab Mercedes’ning barcha modellari elektr energiyasida ishlaydigan bo‘ladi. Biroq keyingi besh yil davomida kompaniya zavodlari ichki yonish dvigatellari bilan jihozlangan eski modellarni ishlab chiqarishni ham davom ettiradi.
Shuningdek, kompaniya dunyo bo‘yicha elektromobillar uchun batareyalar ishlab chiqaradigan sakkizta yangi zavod qurishni va zaryadlovchi stansiyalarining global tarmog‘ini yaratishni rejalashtirmoqda. Ushbu maqsadlar uchun Mercedes 40 milliard yevro ajratgan.
14 iyul kuni Yevrokomissiya iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash rejasining konsepsiyasini taqdim etdi. Ushbu rejaning bandlaridan biri 2035 yildan boshlab Yevropa Ittifoqi hududida ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni sotishga to‘liq taqiq qo‘yishdan iborat.
2021 yil iyun oyi oxirida Audi ichki yonuv dvigatelli avtomobillardan voz kechishini e'lon qilgan edi. Kompaniya 2026 yildan elektromobillar ishlab chiqarishga to‘liq o‘tishni mo‘ljallamoqda.