“Rosselxoznadzor” 22 iyuldan boshlab Rossiyaga Toshkent viloyatidan pomidor va qalampir olib kirishda vaqtinchalik cheklovlarni joriy qildi. Bu haqda “Rosselxoznadzor” xabarida aytilgan.
Qayd etilishicha, bu Toshkent viloyatidan keltirilgan pomidorlarda Tomato brown fruit virus va Pepino mosaic virus’ning aniqlangani bilan bog‘liq.
22 iyulgacha jo‘natilgan yuklarni Rossiya hududiga faqat karantin fitosanitar ekspertizasidan o‘tganidan keyin olib kirishga ruxsat beriladi.
“Rosselxoznadzor” xabariga ko‘ra, O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining Rossiya bozoriga kirishi masalasi har bir holat bo‘yicha O‘zbekiston Karantin va o‘simliklarni himoya qilish milliy tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng, shuningdek, o‘zbek tomonidan ro‘yxat taqdim etilganidan keyin ko‘rib chiqiladi.