O‘zbekistonda yosh tadbirkorlar biznes loyihalarini moliyalashtirish maqsadida “Fursat” nomli loyiha ishga tushirildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bo‘lim boshlig‘i Mehroj Botirovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, loyiha prezident qarori asosida ishlab chiqilgan. Undan ko‘zlangan maqsad – yoshlarga biznes g‘oyalarini amalga oshirishda yordam berish va bandlikni ta'minlashdan iborat.
“O‘z biznes g‘oyalari bor, ammo uni boshlash uchun tajriba va boshlang‘ich kapitalga ega bo‘lmagan 18-30 yoshli yigit-qizlar loyiha ishtirokchilari bo‘lishlari mumkin. Mazkur loyiha sanoat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlariga mo‘ljallangan.
Loyihaga 2021 yil hisobidan 100 mln dollar mablag‘ ajratish belgilangan. Shuningdek, yoshlarga yer ajratilishida ham ko‘maklashamiz.
Ayni paytda respublikadagi 15ta tuman va shaharda yoshlar sanoat zonalari ochilgan. Yosh tadbirkorlar fursat.uz sayti orqali yoki tuman (shahar) hokimiyatlarida tuzilgan ishchi guruhlarga murojaat qilishlari mumkin”, – deydi vazirlik vakili.
Qayd etilishicha, prezident qarori bilan O‘zbekistonda 219ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etish belgilangan va hozirda shundan 185tasi faoliyatini boshlagan.