Vazirlar Mahkamasining “Faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini soddalashtirilgan tartibda davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi 446-son qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan, uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini markazlashgan tarzda yagona qaror bilan soddalashtirilgan tartibda davlat reyestridan chiqarish belgilandi.
Davlat soliq qo‘mitasi bir hafta muddatda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga taqdim etadigan ro‘yxatga asosan, uch turdagi tadbirkorlik sub'yektlari davlat reyestridan chiqariladi:
- faoliyat ko‘rsatmayotgan;
- soliq qarziga ega bo‘lmagan;
- soliq qarzi 1 mln so‘mgacha bo‘lgan.
DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan inventarizatsiyada, soliq qarziga ega bo‘lmagan, uch yildan ortiq faoliyat ko‘rsatmayotgan 76 898 ta (52 332 yer maydoni maqbullashtirilgan fermer xo‘jaliklari) va soliq qarzi 1 mln so‘mgacha (jami 16,9 mlrd so‘m) bo‘lgan 83 350 ta (58 129 tasi fermer xo‘jaliklari) tadbirkorlik sub'yektlari aniqlangan.
Qabul qilingan qarorga muvofiq, jami 160 248 ta tadbirkorlik sub'yekti davlat reyestridan chiqariladi.