UzbekLife dunyo mamlakatlari viza tartibi haqida ma'lumot berishda davom etadi. Mazkur maqolada Eron Islom Respublikasi vizasini olish jarayoni haqida batafsil to‘xtalamiz.
Eron vizasining o‘ziga xos xususiyatlari
Eronga tashrif buyurishni istagan sayyohlarning aksariyati elchixonadan yoki Eronga uchib kelgach viza olishlari kerak bo‘ladi. Eron hukumati turizmni kuchaytirish maqsadida 60 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun vizadan voz kechish dasturini joriy etishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, hali bu amalga oshirilmadi.
Eron vizasini olish shakllari
Eronga kirishni istagan har kim (bir nechta davlatlar fuqarolari bundan mustasno) o‘z mamlakatidagi Eron elchixonasi yoki konsulligiga murojaat qilib yoki Eronga kelgach, aeroportda viza olishi zarur. O‘zbekiston Respublikasi Eron bilan vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar qatoriga kirmaganligi sababli mamlakatimiz fuqarolari Eronga tashrif buyurish uchun Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qilishlari kerak.
Erondagi homiy va taklif xati
Eron vizasiga murojaat qilish uchun Eronda sizga taklif xati (Letter of Invitation) yuboradigan homiy bo‘lishi kerak. Taklif xatini olganingizdan so‘ng siz uni kerakli hujjatlar bilan birga mamlakatingizdagi Eron elchixonasi yoki konsulligiga topshirishingiz mumkin.
Eron vizasi taklif xati (Eron viza kodi)
Agar siz Eronga sayyohlik maqsadida tashrif buyurayotgan bo‘lsangiz, u yerdagi sayyohlik agentligi yoki sizni kutib oladigan do‘stingiz, qarindoshingiz bilan bog‘lanishingiz lozim. Agar ish yuzasidan sayohat qilayotgan bo‘lsangiz, siz tashrif buyurayotgan kompaniya sizning taklif xatingizni rasmiylashtirishi mumkin.
Ushbu jarayon quyidagicha kechadi: Eronda joylashgan sayyohlik agentligi, uy egasi yoki kompaniya Eron Tashqi ishlar vazirligiga ariza yuboradi. Agar TIV arizani qabul qilsa, ular sizga viza kodini yuborishadi. Siz bu kodni Eron elchixonasi yoki konsulligiga boshqa barcha kerakli hujjatlar bilan birga topshirasiz.
Eron viza kodini olish uchun siz o‘zingiz ham Eron tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida ariza qoldirishingiz mumkin.
Hujjatlarni elchixonaga topshirish
Viza kodni olganingizdan so‘ng uni boshqa kerakli hujjatlar bilan birga Eron elchixonasi yoki konsulligiga topshirishingiz kerak. Elchixona/konsullik bilan oldindan bog‘laning, shunda uchrashuvga borishingiz kerakmi yoki hujjatlarni shunchaki tashlab ketishingiz ham mumkinmi, bilib olasiz. Ba'zi elchixona/konsulliklar sizga hujjatlarni pochta orqali topshirishga ruxsat berishlari ham mumkin.
Zaruriy hujjatlar va ularning talablari
Eron vizasi uchun ariza berish jarayonini shu yerda boshlashingiz kerak. Bunda sizga pasportingizning elektron (skaner qilingan) nusxasi, shuningdek, fotosurat (maksimal 500 kB) kerak bo‘ladi.
Fotosurat:
· To‘rtburchak shaklida bo‘lishi zarur (kamida 400 x 600 piksel)
· Yuzingiz fotosuratning 70-80 foizini egallashi kerak.
Shundan keyingi ariza topshirish jarayoni quyidagicha bo‘ladi:
1. Ushbu ariza formasidagi barcha savollarga to‘g‘ri javob bering.
2. Arizani yuboring.
3. Siz elektron pochtangizda tasdiqlash kodini olasiz, uni tasdiqlash sahifasida yozishingiz kerak.
4. Elektron pochtangizni tasdiqlaganingizdan so‘ng, shtrix-kod bilan tasdiqlash sahifasini ko‘rasiz.
5. Sahifani chop eting (chop etish tugmasi mavjud) va kuzatish kodini yozing.
6. Arizangizni kuzatish uchun kuzatish kodidan foydalaning.
7. Kod chiqarilgandan so‘ng o‘z mamlakatingizdagi Eron elchixonasiga (kerakli hujjatlar bilan birga) borishingiz kerak, shunda siz vizangizni olishingiz mumkin.
E'tibor bering, viza bo‘yicha suhbatdan o‘tishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Aeroportda viza to‘lovi yevroda, naqd pulda amalga oshiriladi
Aeroportga yetib kelganingizdan so‘ng, barcha hujjatlaringiz bilan birga aeroportdagi Viza rasmiylashtiruvi ofislaridan biriga murojaat qilishingiz kerak. Viza to‘lovi yevroda to‘lanishi kerak. Shuningdek, to‘lov kartalar orqali emas, balki faqat naqd pul shaklida qabul qilinadi.
Eronga safardan oldin turar joy va sayohatni sug‘urtalash to‘g‘risidagi hujjat mavjudligiga ishonch hosil qiling.
Eslatma: Eronga tashrif buyurayotgan ayollar aeroportda tushganidan so‘ng ro‘mol o‘rashlari maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, erkaklar ham uzun yengli ko‘ylak, shim yoki paypoq kiyishlari lozim.
Qaysi viza turiga topshirsam bo‘ladi?
Bu sizning Eronga tashrif maqsadingizga bog‘liq. Sayohat maqsadidan kelib chiqib murojaat qilishingiz mumkin bo‘lgan Eron vizalari turlari:
1) Eronga sayyohlik maqsadida kirish istagida bo‘lganlar uchun Eron turistik vizasi. Talabgorning Eronda homiysi bo‘lishi kerak, masalan, sayohat agentligi kabi.
2) Eronning muqaddas joylaridan birida ziyorat qilishni istagan musulmon xorijiy fuqarolar uchun Eron ziyorat vizasi.
3) Eron talaba vizasi. Eronda tahsil oladigan chet ellik talabalar yoki diniy olimlar va tadqiqotchilar uchun. Nomzodlar fan vazirligi, ta'lim vazirligi yoki akkreditatsiyadan o‘tgan ilmiy muassasadan muhojir bo‘lmagan talaba maqomini olish huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma olishlari kerak bo‘ladi.
4) Eronda ishlashni niyat qilgan chet el fuqarolari, masalan, malakali ishchilar va mutaxassislar uchun Eron ishchi vizasi. Nomzodlar Erondagi ish beruvchisining Mehnat vazirligi tomonidan tasdiqlangan mehnat guvohnomasiga ega bo‘lishi zarur.
5) Eron tranzit vizasi. Sayohatchilar, haydovchilar yoki savdogarlar kabi faqat Erondan o‘tadigan va mamlakatda uzoq vaqt qolish niyatida bo‘lmagan sayohatchilarga beriladi. Sayohatchilar o‘zlarining oxirgi boradigan manzili uchun vizani yoki sayohati davom etishini tasdiqlovchi boshqa dalilni taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
6) Chet ellik jurnalistlar yoki kinorejissyorlarga beriladigan Eron media vizasi. Nomzodlarga Media va jamoatchilik diplomatiyasi (Media & Public Diplomacy) markazining ruxsatnomasi kerak.
7) Eronlik ayollarga, shuningdek, ularning farzandlariga uylangan chet ellik erkaklarga beriladigan Eron nikoh vizasi.
8) Eron tibbiy vizasi. Davolanish maqsadida Eronga kirishni istagan chet el fuqarolariga beriladi.
Eron vizasi talablari qanday?
Eron vizasiga murojaat qilganingizda, sizga kerak bo‘lgan hujjatlar elchixonaga va viza turiga bog‘liq bo‘ladi. Biroq, umumiy topshiriladigan hujjatlar va ularning talablari quyidagicha:
§ Sizning pasportingiz. Pasport sayohat qilmoqchi bo‘lgan kundan boshlab kamida olti oy davomida amal qilishi kerak.
§ Pasportingiz birinchi sahifasining elektron nusxasi (onlayn ariza yoki sayyohlik agentligiga yuborish uchun). Ushbu pasport nusxasining o‘z talablari mavjud:
- jpg yoki jpeg formatda;
- 10 kB dan ortiq va 500 kB dan kam;
- Rangli;
- Kamida 800 x 600 piksel;
- Aniq va tushunarli bo‘lishi kerak.
§ O‘zingizning rasmingiz (elektron):
- So‘nggi olti oy ichida olingan bo‘lishi;
- Rangli bo‘lishi;
- Oq fonda bo‘lishi talab qilinadi.
Qo‘shimcha: Ushbu suratda yuzingiz to‘liq ko‘rinishi, oldinga qarab turishingiz kerak. Ayollar ro‘mol kiyishlari shart. Diniy maqsadlardan tashqari hech qanday bosh kiyimga ruxsat berilmaydi. Bu holatda ham u yuzingizni to‘smasligiga amin bo‘ling. Shuningdek, ko‘zoynak taqish mumkin emas.
§ Sayohat yo‘nalishingiz
§ Tarjimai holingiz (rezyume)
§ Sayohat sug‘urtasi. 2011 yildan boshlab Eronga kirishdan oldin sayohatni sug‘urtalash majburiydir. Agar siz uni oldindan sotib ololmagan bo‘lsangiz, uni aeroportda sotib olishingiz kerak bo‘ladi.
§ Viza uchun to‘lov
§ Agar siz pochta orqali murojaat qilgan bo‘lsangiz: Hujjatlaringizni qaytarish uchun to‘lovi oldindan qilingan va manzil ko‘rsatilgan konvert.
§ Qaytish parvozingiz chiptasi. Qaytish muddatingiz mamlakatga kirgandan keyingi 30 kun ichida bo‘lishi kerak.
§ Mehmonxona buyurtmasi
§ Agar siz sayyohlik agentligi orqali murojaat qilgan bo‘lsangiz: Eron sayyohlik agentligining taklif xati. Ushbu xat Eron Tashqi ishlar vazirligiga kelishingizdan kamida ikki kun oldin yuborilgan bo‘lishi kerak.
Eron vizasi to‘lovi
Eron vizasi to‘lovi quyidagi omillarga qarab o‘zgaradi:
- Viza olishda sizga yordam beradigan sayyohlik agentligi;
- Viza uchun ariza topshirgan Eron elchixonasi yoki konsulligi;
- Eronga kelish uchun viza to‘lovi sizning millatingizga qarab ham o‘zgarishi mumkin.
Aksariyat Yevropa mamlakatlari uchun aeroportga kelgach viza olish to‘lovi 75 yevroni tashkil qiladi.
Eron vizasini uzaytirish mumkinmi?
Ha. Agar siz Eron vizasini oldindan yoki mamlakatga kelgach olgan bo‘lsangiz, uni Eronning yirik shaharlaridagi Chet elliklar bilan ishlash bo‘yicha politsiya bo‘limida uzaytirishingiz mumkin. Jarayon odatda atigi
1 kun davom etadi.
Vizangizni uzaytirish sizning dastlabki viza muddatingizga asoslanadi: agar sizda 30 kunlik viza bo‘lsa, uni qo‘shimcha 30 kunga uzaytirishingiz mumkin. Agar sizda 15 kunlik viza bo‘lgan bo‘lsa, unda siz uni yana 15 kunga uzaytira olasiz va hokazo.
Davlatbek Asadov
UzbekLife kolumnisti