O‘zbekistonliklar daromadining oshishi, eksportga milliardlab imtiyozlar – haftaning “pullik” xabarlari

Iqtisodiyot 18:13 / 18.07.2021 9653

O‘zbekistonning 635 mln dollar va 2,5 trln so‘mlik xalqaro obligatsiyalari London fond birjasida joylashtirildi

Qimmatli qog‘ozlar AQSh dollarida 3,9 foiz kupon bilan 10 yil muddatga, o‘zbek so‘mida 14 foiz kupon bilan 3 yil muddatga chiqarildi.

Mazkur xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablag‘lar Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish va davlat budjeti defitsitini qoplash uchun yo‘naltiriladi.

Moliya vaziriga o‘rinbosar tayinlandi

Moliya vazirligi Davlat xaridlari departamenti direktori Gulnora Rahimova vazir o‘rinbosari etib tayinlandi.

Gulnora Rahimova 2021 yil 22 aprel kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun mualliflaridan biri sanaladi.

Buxorolik tadbirkor apellyatsiya sudida yutib chiqdi

Soliqchilar “obnal ishi” bo‘yicha yana bitta sudda yutqazdi. Tadbirkor Firuz Allayev soliq organlari bilan sudlashuv jarayoni va undan olgan xulosalari haqida hikoya qilib berdi.

Tadbirkor Buxorodagi soliqchilarning xatti-harakati tufayli boshqa Buxoro viloyatida biznes qilmasligini, u yerdagi barcha filiallarni yopgani haqida gapirdi.

To‘liq matn bu yerda

Eksportni qo‘llab-quvvatlashga yana 100 mln dollar ajratiladi

“Tiklanish va taraqqiyot” jamg‘armasi “Eksportni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasiga 100 mln dollar mablag‘ni 5 yillik muddat bilan 1 foiz stavkada o‘tkazib beradi.

2021 yil yakuniga qadar xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan “Eksportni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi va mahalliy tijorat banklariga eksportoldi moliyalashtirish uchun 200 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar jalb etiladi.

O‘zbekistonning yarim yillik daromadlari miqdori ma'lum qilindi 

Yanvar-iyun oylarida davlat budjeti daromadlari 2020 yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga o‘sdi. Yanvar-iyun oylarida davlat budjeti daromadlari 74,9 trillion so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trillion so‘mga (+28,7 foiz) ko‘p bo‘ldi.

Yarim yilda o‘zbekistonliklarning daromadi 10 foizga o‘sdi

2021 yilning dastlabki olti oyida respublika yalpi ichki mahsuloti 6,2 foizga o‘sib, 106,2 foizni tashkil qildi.

Aholining real daromadlari 10,8 foizga ko‘paygan. Tashqi savdo aylanmasi 13,6 foiz, yo‘lovchi tashish hajmi 4,1 foizga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 1,8 foiz, qurilish 0,1 foizga o‘sgan.

O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 34 mln 860 ming 200 kishini (1 iyul holati) tashkil etadi.

Yarim yilda o‘zbekistonliklar qancha soliq to‘lagani ma'lum qilindi

2021 yilning birinchi yarmida davlat soliq organlari daromadlari 61,4 trln so‘m, bojxona tushumlari 15 trln so‘m bo‘ldi.

Yanvar-iyun oylarida davlat budjeti daromadlari 74,9 trln so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trln so‘mga ko‘paydi. Bunda deyarli barcha soliq tushumlarida o‘sish kuzatildi.

Ko‘proq yangiliklar: