Yanvar-iyun oylarida davlat budjeti daromadlari 74,9 trln so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trln so‘mga ko‘paydi. Bunda deyarli barcha soliq tushumlarida o‘sish kuzatildi.
Moliya vazirligi davlat budjetining 1-yarim yillik daromadlari bo‘yicha hisobotni taqdim etdi.
Bevosita soliqlar bo‘yicha daromadlar o‘zgarishi
2021 yilning I yarmida foyda solig‘i bo‘yicha tushumlar 18,6 trln so‘m bo‘ldi va daromadlar o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 6,8 trln so‘mga oshdi.
Foyda solig‘i tushumlarining 12,6 trln so‘mi (67,8 foizi) oltin va mis qazib oluvchi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keldi.
O‘tgan yarim yilda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 8,8 trln so‘mni (o‘sish 1,5 trln so‘m), jumladan ish beruvchilar tomonidan to‘lov manbayida ushlab qolinadigan soliq 8,1 trln so‘mni tashkil etdi.
Aylanmadan olinadigan soliq tushumlari esa 932,4 mlrd so‘m bo‘ldi va va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 302,7 mlrd so‘mga ko‘paydi.
Bilvosita soliqlar bo‘yicha daromadlar o‘zgarishi
O‘tgan 6 oy davomida davlat budjetiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan 16,8 trln so‘m kelib tushdi. Bu 2020 yilning mos davridan 2,5 trln so‘mga ko‘p degani.
Xususan, soliq organlari nazoratidagi QQS tushumlari 12,2 trln so‘m bo‘ldi yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 50,5 foizga oshdi. Bunda daromadlar neft-gaz tarmog‘i (14,1 foiz), elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari (8,3 foiz), mobil aloqa operatorlari (3,9 foiz), avtomobil sanoati (2,5 foiz), tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari (1,6 foiz) sohalari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shuningdek, bojxona organlari tomonidan undiriladigan QQS 12,2 trln so‘mni tashkil etdi yoki o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 55,5 foizga o‘sdi.
Tushumlarning asosiy qismi:
- avtomobil va ehtiyot qismlar (87-tovar guruhi) bo‘yicha 1,4 trln so‘m;
- bug‘doy 313,1 mlrd so‘m;
- yoqilg‘i 438,5 mlrd so‘m;
- yog‘och materiallari 301,8 mlrd so‘m;
- sement 119,5 mlrd so‘m hisobidan shakllandi.
Joriy yilning birinchi yarmida aksiz solig‘i tushumlari 6,3 trln so‘mni tashkil etdi (8,4 foizga o‘sdi). Xususan, bojxona idoralari tomonidan 167,2 mlrd so‘m aksiz solig‘i undirildi.
Yanvar-iyun oylarida resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha jami tushumlar 2020 yilning mos davriga nisbatan 1,6 trln so‘mga oshib, 11,3 trln so‘m bo‘ldi. Jumladan, yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari qariyb 8 trln so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 5,5 foizga o‘sdi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tushumlar joriy yilning birinchi yarmida 2 barobarga oshdi va 317,9 mlrd so‘m bo‘ldi.
Birinchi yarim yillikda mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 1 trln so‘mga o‘sdi va taxminan 3 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda resurs soliqlari bo‘yicha umumiy tushumlarda mol-mulk solig‘i va yer solig‘i ulushi joriy yilda o‘tgan yildagi 20,5 foizdan 26,7 foizgacha oshdi. Tushumlarning asosiy ulushi (67,6 foiz) yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan soliqlarga to‘g‘ri keladi.