O‘zbekistonda pensiya oluvchi ayollar soni erkaklardan ko‘p - Pensiya jamg‘armasi

Jamiyat 12:44 / 15.07.2021 6195

2021 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 mln 941 ming 500 nafarni tashkil etdi.

Pensiya jamg‘armasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, shundan:

  • 2 mln 927 ming 800 nafari (74,3 foiz) yoshga doir pensiya;
  • 395 ming 300 nafari (10 foiz) nogironlik pensiyasi;
  • 193 ming nafari (4,9 foiz) boquvchisini yo‘qotgan pensiya oluvchi oilalar;
  • 425 ming 400 nafarini (10,8 foiz) nafaqa oluvchilar tashkil qiladi.

Qayd etilishicha, pensiya va nafaqa oluvchi ayollar soni erkaklarga nisbatan yuqori. Xususan, 2 mln 236 ming 200 nafar pensiya oluvchilar (56,7 foiz) ayollar bo‘lib, ularning soni 1 yanvar holatiga nisbatan 116,3 ming nafarga (3 foiz) ko‘paydi.

«Umumiy hisobda 1 yanvarga holatiga qaraganda yoshga doir pensiya oluvchilar soni 78,8 ming kishiga, nogironlik pensiyasi oluvchilar soni 8,7 ming nafar kishiga, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchi oilalar soni 3,9 ming nafarga va nafaqa oluvchilar soni 24,9 ming kishiga ortdi», deyiladi manba ma'lumotida.

2021 yilning yanvar-iyun oylarida 190,8 ming nafar (101,1 ming nafari ayollar) fuqarolarga yangi pensiya va nafaqalar tayinlandi.

Bu ko‘rsatkich 2020 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 27,7 ming nafar (17 foiz) fuqarolarga pensiya va nafaqa ko‘p degani.

Avvalroq, 2021 yil 1 aprel holatiga respublikada pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 mln 877 ming 200 nafarga yetgani va ular soni 1 yanvar hisobiga nisbatan 52 ming kishiga ko‘paygani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: