Eksportni qo‘llab-quvvatlashga yana 100 mln dollar ajratiladi

Iqtisodiyot 15:18 / 15.07.2021 8153

“Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, eksport bilan bog‘liq savdo va eksportoldi operatsiyalarini moliyalashtirish uchun “Tiklanish va taraqqiyot” jamg‘armasidan “Eksportni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasiga 100 mln dollar ajratiladi.

Bu mablag‘lar 5 yilga 1 foiz stavkada berilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, “Eksportni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi hisobidan ajratiladigan mablag‘lar o‘z vaqtida va to‘liq qaytarilishi lozimligi belgilandi.

2021 yil yakuniga qadar xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan “Eksportni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi va mahalliy tijorat banklariga eksportoldi moliyalashtirish uchun 200 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar jalb etiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning joriy yil 14 yanvardagi qaroriga muvofiq, “Eksportni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi tomonidan eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun 100 million dollar ajratilishi belgilangan edi.

Bundan tashqari, joriy yil aprel oyida eksportchi korxonalarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shuningdek, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog‘liq chet eldagi ayrim xarajatlari Eksportni rivojlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: