Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xodimlaridan tashkil topgan ekspertlar guruhi «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» konferensiyasi doirasida mintaqa mamlakatlari temir yo‘l salohiyatini tahlil qilib chiqdi.
Bugungi kunda Yevropaga Xitoy yuklarining 93 foizi, Hindistondan yetkazib beriladigan yuklarning 96 foizi va aksincha dengiz yo‘llari orqali tashiladi. Janubi-sharqiy Osiyoning ikki rivojlanayotgan mamlakatlari: Hindiston va Pokistonning YeI bilan o‘zaro hamkorligi esa barqaror o‘sib bormoqda. Bu esa, transport tashuvlarining muqobil yo‘llari: avia, avto va temir yo‘l orqali tashuvlarga talab ortishini anglatadi. Ushbu mamlakatlarning 2017 yilda Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a'zo bo‘lishi xalqaro savdo aylanmasini rivojlantirishga qaratilgan yechimlarni topishga yordam beradi.
Shunga ko‘ra, Osiyodan Yevropaga va aksincha yuklarni yetkazish borasida muqobil yo‘llarni qidirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Mahalliy ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilga borib, Hindiston va Pokistonning YeI davlatlari bilan yuk tashish hajmining atigi 3 foizi amaldagi Hindiston-Pokiston-YeI dengiz yo‘lidan Mozori Sharif-Qobul-Peshavor temir yo‘li orqali tashishga yo‘naltirilsa, 5,5 mln tonnani tashkil etadi. Bu yuklarning O‘zbekiston temir yo‘llari orqali tranzit tashilishi natijasida respublika 595 mln AQSh dollari miqdorida daromad ko‘rish mumkin.
Ekspertlarga ko‘ra, mahalliy temir yo‘llar raqobatbardoshligini oshirish va tranzit yuklarini muqobil yo‘llardan O‘zbekiston yo‘llariga yo‘naltirish uchun O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston va Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘nalishlari bo‘ylab Qoshg‘ardan Andijongacha, mavjud xalqaro avtomobil yo‘li orqali hamda Peshavordan G‘alaba postigacha temir yo‘li orqali yuk tashishlarni yo‘lga qo‘yish orqali tranziti to‘lovlarini undirishni tezroq tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.