“Obnal ishi”: Buxorolik tadbirkor apellyatsiya sudida yutib chiqdi

Iqtisodiyot 19:24 / 14.07.2021 21514

Fevral oyida boshlangan «obnal ishi» hamon soliq organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi bahslarning muhim mavzusi bo‘lib qolmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi naqdlashtiruvchi firmalar bilan kurash boshlab, 2021 yil fevral oyida 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yekti zimmasiga 1 trillion so‘m QQS summasini yuklagan edi. «Obnal ishi» soliq reformalari haqida jar solinayotgan davrda eng bahsli vaziyat sifatida tarixda qolmoqda.

«Asaxiy.uz» loyihasi asoschisi, tadbirkor Firuz Allayev «obnal ishi» tufayli soliq organi bilan yuzaga kelgan holat, QQS mojarosida boshidan o‘tkazganlari haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi. Tadbirkor Kun.uz'ga undan 57 million so‘m soliq asossiz undirilganini ma'lum qildi.

«Soliqchilar dalillarga qaramay, pulni undirdi»

— Sizlarga Buxoro viloyati soliqchilari bilan bo‘lgan muammo haqida yozmoqchiman. O‘tgan yili aprelda, karantinda, hamma uyda qamalib qolganda transport muammolariga qaramasdan, internet-do‘konlar faoliyat yuritishdi. Xodimlarimizga rahmat, ba'zilari 8 soat emas, 18 soat ishlab berishdi.

O‘sha vaqtda xodimlarini masofadan ishlashga o‘tkazgani uchun rasmiy tashkilotlardan biri 200 dona planshet so‘rab, murojaat qildi. Planshetlarga nisbatan talab oshib ketgan, 200 dona planshet topish imkoniyati deyarli yo‘q edi. Shunda biz internet orqali bir planshet sotadigan insonni topdik. U bizga 200 dona planshetni pul o‘tkazish yo‘li bilan sotishga rozi bo‘ldi. Undan firmaning ma'lumotlarini olib, soliq saytidan tekshirdik. Firma bazada “yashil” turibdi, QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Demak, muammo yo‘q. Planshetlarni olib, yetkazib berdik va qo‘yilgan foydadan QQSning o‘zimizga tegishli qismini to‘ladik.

Lekin, yaqinda boshlangan QQS muammosi bizni ham chetlab o‘tmadi. “Yashil ro‘yxatda bo‘lishimizga qaramasdan, o‘sha shartnoma bo‘yicha bizni kameral nazoratga qo‘yishdi. Narigi firma QQS to‘lamagan ekan va uni jazolash o‘rniga QQS miqdorini bizdan yechishga qaror qilishibdi.

Buxoro viloyati soliq qo‘mitasiga hisob fakturasi, shartnoma, yuk xati va planshetlarni sotib olgan tashkilotdan ham xatlar taqdim etildi. Vaziyatdan kelib chiqib, o‘zim rasmiy xat bilan Soliq qo‘mitasiga murojaat qildim.

Lekin shunda ham ular o‘z pozitsiyalarini o‘zgartirishmadi va xohlaganimni qilishimni, baribir pulni yechishlarini ma'lum qilishdi.

«Huquqimni sudda himoyalamoqchi bo‘ldim, lekin sud soliqchilar foydasiga hukm chiqardi»

— Matbuot yoki internetga chiqib jar solish o‘rniga qonuniy huquqimni talab qilish uchun sudlashishga qaror qildim. Lekin, afsuski Buxoroning ma'muriy sudi soliqchilar foydasiga hukm chiqardi.

Keyinchalik, bizga ma'lum qilishicha, Toshkentdan farqli ravishda Buxoroda hali biror bir tadbirkor sudda yutib chiqmabdi. Bu Buxoroda sudning qanchalik mustaqilligi haqida savol qo‘yishga asos bo‘ladi.

«Buxorodagi soliqchilar tufayli, endi bu yerda biznes qilmaslikka ahd qildim, filiallarni yopdim»

— Xabaringiz borki, «Asaxiy.uz»ning bosh ofisi Toshkent shahrida joylashgan. Asosiy daromadimiz ham Toshkentdagi hisobraqamlarimizdan aylanadi. Lekin, shunga qaramasdan, biz doim soliqlarni o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan tuproqning hurmati, viloyat budjetiga ozroq bo‘lsa-da hissa qo‘shish uchun Buxoro viloyati hisobiga to‘lab keldik. Shu vaqtgacha Buxoro soliqchilarining noprofessionalligiga, moratoriyga qaramasdan, G‘ijduvon shahridagi filialimizni noqonuniy bir necha marotaba tekshirganiga ko‘z yumdik. Hammasini yaxshilikka yo‘yib, butun O‘zbekistondan yig‘gan pulimizni Buxoro viloyatiga topshirdik. Lekin, buning evaziga soliqchilar tomonidan qo‘pol munosabat va QQS bilan yuqoridagi muammoga duch keldik.

Bugun qaror qildim. Endi soliqlarni Toshkentda to‘laymiz. Lekin, Buxoro viloyati doimiy o‘sib borayotgan kompaniyadan milliardlab kelajakdagi budjetga qo‘shimcha tushumdan va yaratiladigan ish o‘rinlaridan quruq qoladi. Qo‘rqamanki, mahalliy rahbarlarga, sudga va soliqchilarga buning qizig‘i ham yo‘q. Ular uchun bugungi kun viloyat kelajagidan muhim bo‘lsa kerak.

Shuningdek, Kogon shahri va boshqa ikkita tumandagi filiallarimizni ham yopdik va kelajakda Buxoro hududida biror ish qilmaslikka qaror qildik.

«Soliq qo‘mitasi o‘zini tadbirkorga yordamchi sifatida tanitmoqchi bo‘ldi, lekin...»

— Bugun QQS muammosi bilan qaysidir rejani bajarayotgan soliqchilar tadbirkorlarning ishonchini va kelajakka umidini o‘ldiryapti. Bugungi planni bajarish uchun kelajakdan voz kechyapmiz.

Aytgancha, Buxoro viloyatidagi tadbirkor do‘stlarimizga kelajaklarini boshqa hudud bilan bog‘lashlarini, biznesni qo‘shni Navoiy yoki boshqa viloyatda qilishlarini tavsiya qilaman.

Soliq qo‘mitasi bir necha yil o‘zini tadbirkorga yordamchi sifatida tanitmoqchi bo‘ldi. Lekin, men uchun soliqchilarning muomalasi ham, hisobimizga qo‘yilgan inkassatsiya ham buning aksini ko‘rsatmoqda.

«Buxorolik soliqchilar apellyatsiya sudi ijrosini kechiktirmaydi deb umid qilaman»

— Soliqchilar QQS ishi bo‘yicha bizning hisobdan pulni yechib olishgan, sud esa soliqchilar foydasiga hukm chiqargan edi. Biz endi apellyatsiya berishga va huquqimiz uchun kurashishda davom etishga qaror qildik.

Bugun (2021 yil 14 iyulda) apelyatsiya sudida ish qayta ko‘rildi va yutib chiqdik. Umid qilamanki, Buxoro viloyati Davlat soliq boshqarmasi ijroni kechiktirmaydi.

Muhimi, kurashishdan to‘xtamaylik, o‘z qonuniy huquqimizni talab qilaylik.

Ko‘proq yangiliklar: