“Bolalarga sharoit yaratib, oilaviy mehribonlik uyini tashkil qilmoqchiman” - 10 nafar qizni asrab olgan vatandosh

Jamiyat 11:00 / 11.07.2021 40107

Oila boshlig‘i Rustam Egamurodov – nafaqada bo‘lishiga qaramay, bir necha xil kasb orqasidan oila tebratadi. U ota-onasidan ayrilgan chin yetim bolalarni o‘z qaramog‘iga olgan. Hozirgi kunda oilada 10 nafar bola tarbiya topyapti.

“Hozircha 10 nafar bolani uyimda o‘z tarbiyamga olganman. Bilmadim, bolalarga bo‘lgan mehrim Allohdan bo‘lsa kerak. O‘g‘lim leytenant bo‘lgandan keyin pensiyaga chiqdim. Kichkina o‘g‘limni o‘qitaman, degandim, afsuski, o‘spirinligida vafot etdi. Shundan so‘ng ayolim qattiq tushkunlikka tushdi, uyimiz huvullab qolgandek bo‘ldi. Bilasizmi, bu kunlarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman.

Keyin bola asrab olsak-chi, degan fikr keldi. Ayolim bilan maslahat qildik, faqat qiz, o‘g‘il bola emas, degan qarorga keldik. Chunki o‘g‘il bola baribir ikkimizga ham o‘z farzandimizni eslatadi, uning har bir harakatini o‘g‘limga qiyoslab ko‘nglimiz ezilishi mumkin. Shu sabab 2012 yildan boshlab ota-onasi yo‘q qizlarni asrab ola boshladik.

Birinchi qizim Gulnoza shu tarzda oilamga kirib keldi. Uni asrab olish tarixi ham o‘zgacha. Bolalar uyiga borganimda bir qiz hammadan ayri bo‘lib bir chekkada o‘tirardi, menga tavsiya etishgan qizaloqni olib kelishganda: “Yo‘q, huv chetda o‘tirgan qizaloqni beringlar”, dedim. Hozirgacha shu qizim o‘z yoshida og‘ir atletika va boks bo‘yicha ikki karra viloyat chempioni bo‘ldi.

Ko‘p odamlar: “Senga nima kerak bosh og‘rig‘i”, deb aytadi. Ularga esa mening aytadigan gapim yo‘q, shart ortimga burilaman-ketaman. Aqli bor odam shu gapni aytishi mumkinmi?” – deya so‘zlaydi qahramonimiz.

Rustam Egamurodov suhbat davomida o‘zining kundalik ishi, katta bir oilaning ro‘zg‘or tashvishlari haqida ham hikoya qildi.

“Yuqorida ham aytgandim, katta o‘g‘lim bor, uning oilasi, nevaralarim bor. O‘g‘lim ham ukalari uchun yordam berib turadi.

Bundan tashqari, uyda dehqonchilik qilamiz, shu yerdan chiqqan mahsulotlar bilan qishlik g‘amlaymiz. Og‘ilda ozroq qo‘y boqamiz, go‘sht ham o‘zimizdan chiqadi. Davlat tomonidan esa yordam hozircha yo‘q, chunki biz Toshkent viloyatida bola asrab olib ulg‘aytiradigan birinchi oilamiz.

Oilaviy bolalar uyi yaratish to‘g‘risida 2007 yilda qaror chiqqan. Oila baribir yaxshi-da, bir tomondan mehribonlik uylarida davlat milliardlab mablag‘ sarf etadi, ikkinchi tomondan, uning tarbiyasi, shaxs sifatida ulg‘ayishi oilada yaxshiroq kechadi. Agar statistikaga qaralsa, “zona”dagilarning yarmidan ko‘pi – mehribonlik uylaridan chiqqanlar...

Agar bola oilada tarbiya qilinsa-chi, albatta nazoratda bo‘ladi, uning qilar ishi mehribonlik uylarida bo‘lgani kabi uyqudan turish, maktabdan qaytib tayyor tushlikni yeb, yana dam olish va yana kechki ovqatni yeyish emas. Qolaversa, u yerda tarbiyachilar faqat oylikni kutib yashaydi, bolani nazorat qilish, oilaviy tarbiya berish qiziqmas. Bu bolalarga oddiy ko‘z bilan emas, qalb ko‘zi bilan nazar solish kerak.

Qachondir, peshonaga bitilgan kuni bu dunyodan ketamiz, men bu uy-joylarni o‘zim bilan olib ketolmayman-ku. Niyatim shuki, bolalarimga shu uy o‘rnida barchalariga imkoniyat yaratib berish, oilaviy bolalar uyi qurish.

Buning uchun proyekt qildirilgan, tayyor. Qani endi shu atrofda ijtimoiy kottejlar bo‘lsa, chunki boshqa oilalar ham bor. 8 yildan beri oilaviy bolalar uyi uchun harakat qilaman”.

Oilaviy mehribonlik uyini qurish niyati

Rustam aka oilaviy mehribonlik uyi qurib, yana ko‘plab bolalarni asrab olmoqchi ekanini aytib o‘tdi. Bu xayrli ishni qonuniylashtirish uchun bir necha yillardan beri harakat qilyapti. Lekin hozircha bu ishlar yakuniga yetmagan. Qahramonimiz bu ishga mas'ul rahbarlardan e'tibor qilishini so‘rab qoldi.

“Oilaviy mehribonlik uylari bolalarga haqiqiy tarbiya va hayot maktabini o‘tab beradi. Ularni hayotga va kelajakka tarbiyalaydi. Shuningdek , davlat budjeti anchagina iqtisod qilinadi”, deydi Rustam aka.

Shu o‘rinda, Rustam Egamurodov xonadoniga yordam berishni istagan vatandoshlarimizga quyidagi ma'lumotlarni keltirib o‘tamiz:

UzCard: 8600 0604 2142 0911

Humo: 9860 1201 6942 8568

Tel: +99897 333 46 98

Rahmatillo Isroilov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: