Mahalliy budjet pullarining bir qismini qayerga ishlatishni fuqarolar hal qiladi

Iqtisodiyot 15:38 / 10.07.2021 17341

O‘zbekiston Moliya vazirligi yangilangan “Ochiq budjet” axborot portalini ishga tushirdi.

Bu orqali hududlardagi muammo va kamchiliklar bevosita hudud aholisining talabi bilan bartaraf etiladi.

Fuqarolar “Ochiq budjet” portaliga o‘z mahalla yoki tumanidagi muammoni yozib joylashtirishi mumkin, eng ko‘p ovoz to‘plagan masalalarga mahalliy budjet mablag‘larining muayyan qismi ajratiladi.

Moliya vaziri Timur Ishmetovning aytishicha, fuqarolar faolligi o‘z muammolari yechim topishidagi eng muhim masaladir.

Timur Ishmetov

“Fuqarolarga bu portalda nafaqat budjet mablag‘lari to‘g‘risida, balki soliq, budjet siyosati, davlat tashkilotlari va turli jamg‘armalar mablag‘larining ishlatilishi haqida ma'lumotlarni olish, o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalarni hal qilish uchun budjet jarayonida qatnashish orqali tegishli mablag‘larni talab qilish imkoniyati yaratilgan.

Birinchi qadam sifatida mahalliy budjetlar daromadlarining har chorakda daromadlar rejasidan ortiq bajarilgan qismidan (qo‘shimcha daromad) 10 foizi faqatgina shu hududda fuqarolar ko‘targan masalalarga, ularning muammolarini hal qilishga ishlatish tartibi ishlab chiqilgan.

Bu yil ikkinchi qadam qo‘yildi. Budjet mablag‘larini ishlatishda fuqarolar faolligini oshirish maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri ularning muammolarini hal qilishga yordam beradigan ikkita o‘zgarish bo‘ldi.

Birinchidan, mahalliy budjetlarning 10 foiz emas, bundan buyog‘iga 30 foizi fuqarolar ilgari surgan tashabbuslarga ishlatish, ularning muammolarini hal qilishga sarflanadi.

Shu bilan birga, ayrim tumanlarda qo‘shimcha daromad judayam kam bo‘ladi. Ya'ni bunga bog‘liq bo‘lib qolmaslik uchun mahalliy budjet xarajatlarining 5 foiz qismini faqatgina aholi bildirgan muammolarni hal qilishga ishlatish bo‘yicha loyihani boshlash topshirig‘i berilgan. Bu yo‘nalishda har bir viloyatda bittadan tuman pilot sifatida tanlab olingan. Qo‘shimcha daromad bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat'i nazar, ajratilgan 5 foizni aholi ko‘targan masalalarga yo‘naltirishni ta'minlaymiz.

Loyiha deganimda, qanaqadir katta loyihalarni nazarda tutmadim. Masalan, kimningdir tumanida biror bog‘chani, yo‘l yoki ko‘prikni ta'mir qilish zarur bo‘lishi mumkin. Bu odamlar uchun judayam katta muammo tug‘diradigan, lekin davlat miqyosida tezda hal qilsa bo‘ladigan nisbatan arzimagan pullar bilan yechim topadigan jarayon hisoblanadi.

Lekin asosiy muammo va kamchiligimiz – portalning texnik imkoniyati bilan emas, bu aholi faolligining pastligi bilan bog‘liq. Odamlar “Ochiq budjet” portali orqali faolroq bo‘lishsa, portaldan to‘g‘ri foydalanilsa, muammolarni birgalashib hal qilsak bo‘ladi”, – dedi vazir 9 iyul kungi taqdimotda.

Ma'lum qilinishicha, o‘z hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy muammoni yechish uchun taklif berish istagidagi shaxslar “Ochiq budjet” axborot portalida ro‘yxatdan o‘tadi. Bildirilgan takliflar portalga joylashtiriladi. Keyin bir necha bosqichda ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.

Loyihalar tasdiqlansa, moliyalashtiriladi. Moliya vazirligi departament direktori Sherzod Muhammedovga ko‘ra, ayni paytda fuqarolar “Ochiq budjet” portaliga shu yilning 1 avgustigacha o‘z hududidagi muammolarni yozishlari mumkin.

Sherzod Muhammedov

“2020 yilda respublikadagi barcha tuman va shaharlarda mahalliy budjetlarning qo‘shimcha mablag‘laridan (10 foiz) 70 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ mazkur loyihalarga yo‘naltirildi. Buning uchun 150 mingdan ortiq fuqarolar tomonidan taklif va ovozlar kelib tushgan. Joriy yilda esa mazkur yo‘nalishga 157 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

1 iyuldan 1 avgustgacha fuqarolar loyihalarni taklif etishlari mumkin. Ular 10 ish kunida saralab olinadi. 20 kun davomida, ya'ni 1 sentyabrga qadar ushbu loyihalar ovozga qo‘yiladi. So‘ngra tuman va shahar xalq deputatlari qarorlariga muvofiq, g‘olib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish ishlari boshlanadi”, – dedi vazirlik vakili.

Ta'kidlanishicha, portalga har yili 10 fevralga qadar o‘tgan yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘larning sarflanishi yuzasidan hisobot joylashtirib boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: