Angliyaning Kembrij universiteti va Germaniyaning Tubingen universiteti tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, tana hajmi shakllanishida harorat va yog‘ingarchilik kabi iqlim omillari katta rol o‘ynaydi.
Tadqiqotchilar sovuq iqlimda tana hajmi kattaroq, iliq iqlim sharoitida esa kichikroq bo‘ladi, degan xulosaga kelishdi.
Nature Communications jurnalida chop etilgan tadqiqot homo sapiens mansub bo‘lgan homo genus oilasidagi 300dan ortiq odam qoldiqlariga oid ma'lumotlarga asoslanadi.
«Ob-havo sovuqlashgan sari inson tanasi ham kattalashadi»
Inson evolyutsiyasining eng muhim xususiyatlaridan biri bu tana va miya hajmining o‘sish tendensiyasidir.
Biroq tana va miya hajmiga qanday omillar ta'sir ko‘rsatishi hamon muhokama qilinmoqda.
Kembrij va Tubingen universitetlarining tadqiqoti esa iqlim o‘zgarishining evolyutsiyaviy ta'siriga e'tibor qaratmoqda.
Tadqiqot guruhi so‘nggi 1 million yil ichida Yer yuzida sodir bo‘lgan mintaqaviy haroratga asoslanib, har bir inson qoldiqlari – agar ular bugun ham tirik bo‘lsa – qaysi iqlim sharoiti ostida bo‘lishini hisoblab chiqdi.
Tadqiqotchilar Bergman qoidasi deb ataladigan, tana og‘irligi sovuq mintaqalarda katta, iliq mintaqalarda esa kichik bo‘lishi haqidagi o‘lchovlarga asoslanib fikr yuritishdi.
«Havo harorati sovuqlashgani sari insonlar ham kattalashib boradi. Agar tanangiz qancha katta bo‘lsa, demak, siz shuncha ko‘p issiqlik hosil qilasiz, lekin siz nisbatan kam issiqlik yo‘qotasiz. Chunki tanangiz bir xil miqdorda kengaymaydi», deydi Tubingen universitetining doktori Manuel Uill.
Arktikada yashovchi oq ayiqlar iliq iqlim sharoitida yashovchi qo‘ng‘ir ayiqlardan ko‘ra og‘irroq ekani bunga misol bo‘la oladi.
Iqlim miya hajmiga qanday ta'sir qiladi?
Tadqiqotchilar atrof-muhit omillarining nafaqat tana hajmiga, balki miya hajmiga qanday ta'sir o‘tkazishini ham ko‘rib chiqishdi.
Olimlar iqlim miya hajmiga ma'lum darajada ta'sir qiladi, degan xulosaga kelishdi. Ammo miya o‘lchamlari o‘rtasida katta farqlar bo‘lishini faqat atrof-muhit o‘zgarishi bilangina izohlash mumkin emasligini ta'kidladilar.
Ushbu tadqiqot natijasida iqlim va miya hajmi o‘rtasidagi bog‘liqlik mavjudligi aniqlandi, ammo atrof-muhit omillari tana hajmiga qaraganda miyaga kamroq ta'sir qiladi, degan xulosaga kelindi.
Barqaror iqlim sharoitida esa miyaning hajmi kattaroq bo‘lishi aniqlandi.
«Iqlim qanchalik barqaror bo‘lsa, miya ham shunchalik kattaroq bo‘ladi. Ekologik omillar barqaror bo‘lgan joylarda oziq-ovqat masalasi ham barqaror bo‘ladi va kerakli energiya bilan to‘yinish uchun yetarli darajada ovqatlanish imkoniyatiga ega bo‘linadi», deydi doktor Manuel Uill.
Boshqa tomondan, tadqiqot natijalari evolyutsiyada faol rol o‘ynaydigan turli xil omillar mavjudligiga ishora qiladi.
Uillning fikricha, global harorat ko‘tarilayotgani sababli kelajakda inson tanasi hozirgidan kichikroq bo‘lishi mumkin.