O‘zbekiston | 11:41 / 09.07.2021
3455
3 daqiqa o‘qiladi

TIVda «Al Jazeera» bilan muzokaralar o‘tkazildi. O‘tgan oyda vazirlik ushbu OAV muxbiri akkreditatsiyasini uzaytirishni rad qilgandi

8 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Siddiqov Qatarning «Al Jazeera» media-korporatsiyasi bosh direktori Mustafo Suag bilan onlayn-muloqot o‘tkazdi.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusufbek Qobiljonovning ma'lum qilishicha, muloqot samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan. Mustafo Suag O‘zbekistonning ochiqlik siyosati va xalqaro media tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ijobiy baholagan.

Ma'lum qilinishicha, muzokaralarda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari xodimlari, tashkilotlar va idoralar matbuot xizmatlari mutaxassislarining kasb mahoratini oshirish bo‘yicha treninglar, seminarlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish, jurnalistlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari va «Al Jazeera» media instituti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyi boshlarida «Al Jazeera» telekanali muxbiri, polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska Tashqi ishlar vazirligi xodimini shilqimlikda ayblab, akkreditatsiya masalasi olti oyda ham hal bo‘lmaganini bildirgandi. Shuningdek, u o‘ziga nisbatan bosim bo‘lgani, ijobiy material yozishni so‘rab, qistov qilinganini aytgan.

Holat yuzasidan keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlar o‘z munosabatini bildirgach, TIV jurnalistga tegajog‘lik qilgan xodim ishdan bo‘shatilganini ta'kidlanib, akkreditatsiya masalasini bir necha kunda hal qilib bergan.

2021 yil aprel oyi boshlarida, boshqa masala yuzasidan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati Agneshka Pikulitskani Tvitterdagi sahifasida «aslida ro‘y bermayotgan voqealarni yoritib kelish»da ayblab, bayonot bergan.

Iyun oyi boshlarida Tashqi ishlar vazirligi «Al Jazeera» muxbiri tomonidan O‘zbekiston qonunchiligi buzilishi holatlari qayd etilgan degan vaj bilan uning akkreditatsiyasini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilganini bildirgan edi.

Agneshka Pikulitska O‘zbekiston qonunchiligini qachon va qaysi bandlarini buzgani yuzasidan yuborilgan Kun.uz so‘roviga javoban, Tashqi ishlar vazirligi bu haqda A.Pikulitska yozma tarzda xabardor qilinganini, shunday ekan, bu boradagi ma'lumotlarni oshkor qilish maqsadga muvofiq emasligini bildirgan.

 

Mavzuga oid