Qorako‘lchilikni rivojlantirishga 200 mlrd so‘m ajratilmoqda. Qo‘mita va uyushma nomlari o‘zgaradi

Iqtisodiyot 14:47 / 09.07.2021 12442

“Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan 2025 yil 1 yanvargacha:

  • har yili yetishtiriladigan pilla (ho‘l pilla) hosilining 1 kilogrammi uchun 5 ming so‘m miqdorida xonadonlarda pilla yetishtiruvchilarga respublika budjeti hisobidan subsidiya ajratiladi;
  • tutzorlarni sug‘orish uchun foydalanilgan suv hajmiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorda qo‘llanadi.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablag‘lar jun yo‘nalishidagi qo‘ylarni, shuningdek, qo‘lda jun yigirish, ipak matolari, gilam va kigiz to‘qish uskunalarini sotib olishga ham yo‘naltiriladi.

Qarorga ko‘ra, quyidagi hududlar jun yo‘nalishidagi mayda shoxli mollarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladi:

  • Qashqadaryo viloyatining G‘uzor va Dehqonobod tumanlari;
  • Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani;
  • Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on va Boysun tumanlari.

Qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish maqsadida 200 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Mazkur mablag‘larning 50 milliard so‘mi 1-bosqich sifatida jun yo‘nalishidagi mayda shoxli mollarni yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlardagi tadbirkorlar tomonidan loyihalarni amalga oshirish uchun kredit ajratishga yo‘naltiriladi.

2-bosqichda – 2022 yil 1 aprelga qadar “Tiklanish va taraqqiyot” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 50 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘lar tijorat banklari orqali kredit ajratishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi deb, Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi deb qayta nomlandi. 

Ko‘proq yangiliklar: