O‘zbekiston Moliya vazirligi London fond birjasida umumiy qiymati 870 million dollar bo‘lgan ikkita suveren xalqaro obligatsiyalarni (yevrobondlarni) joylashtirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.
Ma'lum bo‘lishicha, dollar trensh 10 yil muddatga, so‘mda ko‘rsatilgan yevrobondlar esa 3 yoki 5 yil muddatga beriladi.
Shuningdek, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov Gazeta.uz’ga bergan intervyusida 2021 yilda davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga binoan tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yangi imzolangan bitimlar hajmi belgilangan 5 milliard dollar, ichki qarzni jalb qilish uchun esa 500 million dollar miqdorida ekanligini ta'kidlab, yevrobondlar chiqarilishi ushbu limit doirasida taqdim etilishi haqida gapirdi.
«Agar talab yaxshi bo‘lsa, biz trensh hajmini so‘mda oshiramiz va dollar bilan kamaytiramiz. Ammo trenshlarning umumiy miqdori 870 million dollarni tashkil etadi .
3,3 milliard dollar (5 milliarddan) investitsiya loyihalari uchun, 1,7 milliard dollar esa budjet kamomadini qoplash uchun jalb qilinmoqda. 1,7 milliarddan biz 870 million dollarni yevrobond sifatida jalb qilamiz, qolgan 830 million dollarni esa budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlaridan jalb qilamiz», – dedi vazir o‘rinbosari.
O‘zbekiston mustaqil tarixida birinchi marta 2019 yil 13 fevralda 5 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni 4,75 foizdan, 10 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni esa 5,375 foizdan joylashtirgan.
O‘tgan yilning noyabr oyida esa ikkinchi bor Moliya vazirligi tomonidan 10 yillik muddat bilan 555 million AQSh dollari va 3 yillik 2 trillion so‘mlik yevrobondlar London fond birjasiga joylashtirilgandi.