Biznes yuritish, ta'lim imkoniyatlari – Braziliya va Portugaliyadagi vatandoshlar bilan suhbat

Jamiyat 17:30 / 09.07.2021 8683

Javohir ayni kunlarda Braziliyada, Shirin esa Portugaliyada mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

Javohir Chorshanbayev 27 yoshda. “5 THOUSAND MILES” kompaniyasida 3 yarim yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. (Braziliya):

- O‘rta maktabni Portugaliyada tugatganman. Oliy ta'limning 3-yilini Ispaniyada oldim. Universitetni bitirish amaliyotini O‘zbekistonda Savdo-sanoat palatasida o‘tadim. Portugaliyada maktabda ham, universitetda ham o‘qishga hech kim majbur qilmaydi — na ota-ona, na o‘qituvchi. Ular faqat nazorat qilishi mumkin. Bola o‘zi xohlamasa, sinfdan sinfga qolib ketaveradi. Bolaning o‘zida xohish bor bu yerda. Ta'lim bu yerda interfaollik bilan olib boriladi.

Portugaliyada universitetga kirish oson, bitirish qiyin. Bir vaqtning o‘zida 6 ta oliygohga topshirish imkoni bor. Qaysi tanlov yuqori bo‘lsa shunga qarab kiriladi. O‘qishga kirish uchun bitiruv balli hisoblanadi. Kirish imtihonlari yo‘q, bitiruv imtihonlari bor. O‘sha ball bilan bir vaqtning o‘zida 6 ta universitetga kirish mumkin bo‘ladi. Mening Portugaliyaga nisbatan kuchli tomonim O‘zbekistondan kelganim edi. Boshqa davlatni taniganim, boshqa mamlakat farzandi bo‘lganim, o‘ylashimcha. Juda kam odam O‘zbekistonni biladi. Imkoniyat bor, hali hech kim qilmagan ekan, nega men birinchi bo‘lib qilmasligim kerak bu ishni. Boshidan niyatim shu edi: O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasida qandaydir biznes aloqa qurish. Ota-onam bilan maslahatlashib marketing, xalqaro biznesni tanladim. Kelajakda ham yurtimiz bilan aloqa qilsam aynan shu sohalarda ishlamoqchiman.

Shirin Chorshanbayeva — stomatolog. 8 yoshda Portugaliyaga kelgan.

- Men o‘qiydigan kurs 5 yildan iborat. 3 yili bakalavr, 2 yili magistratura. 3 yil nazariyaga qaratilgan, 2 yil amaliyot. Bu yerda 9-sinfni bitirgandan keyin o‘quvchilar 4 ta yo‘nalishdan birini tanlaydi. Shunda men tibbiyotni tanlaganman. Bu yo‘nalishda biologiya, geologiya, kimyo, fizika fanlarini chuqurroq o‘qish kerak. Matematika va portugal tilidan ham imtihon topshirganman. Portugal tili bo‘yicha imtihon hamma yo‘nalishda bor. Tibbiyotni yoqtirardim. Qolaversa, bu ota kasb. Bundan tashqari, bu soha dunyoning qaysi joyida bo‘lmasin, o‘zgarmaydi. Qaysi ma'noda, odam organizmi O‘zbekistonda ham, Portugaliyada ham bir xil. Bu kasb egalari hamma joyda kerak. Men 6 ta universitetga topshirganda birinchi o‘rinda tibbiyotni tanlagandim, bu yerda yo‘nalish sifatida tibbiyot va stomatologiya biroz farq qiladi. 2-tanlovim stomatologiya edi. Kelasi yil qayta topshirishim va tibbiyot bo‘yicha tahsil olishim mumkin edi. Lekin o‘zim buni yoqtirdim. Chunki ham nazariya, ham amaliyot birga olib boriladi. Siz insonlar chiroyli tabassum qilishlariga yordam berasiz.

 

Javohir Chorshanbayev (Braziliya):

— Kompaniyamizning qayerda ofislari bo‘lsa biz ularga tashqi bozorga chiqishga yordam beramiz. Mahsulotlarini eksport qilishga ko‘maklashamiz. Mahsulotlarning kataloglari, taqdimotlarini odamlarga namoyish qilamiz. Umuman boshqa davlat bozorlariga kirishlarini tezlashtirib beramiz. Bizning xizmatlar ular uchun qulay. Chunki bizning odamlar o‘sha jarayon ichida. Mana shu sohada ishlab, asta ko‘tarilib borganimdan keyin menga alohida departament ochishga imkoniyat berishdi. Business trip degan loyihada ishlay boshladim. Bunda hamma o‘z qiziqishiga ko‘ra savollariga javob olishi mumkin. Va yana imkoniyatlarim ortib bordi. Hozirgi yangi lavozimim xalqaro biznes direktori. Asosiy binomiz Lissabonda joylashgan. Hozir jamoani qayta tashkil qilyapmiz, ya'ni yangi odamlar jalb qilib, yangi loyihalar bilan Braziliyadagi jamoaga yordam beryapman. Direktor vazifasidagi inson katta kompaniyalar bilan shartnoma tuzadi. Portugaliyada startap uchun juda katta imkoniyatlar beriladi. Yarmarkalar o‘tkaziladi. Yirik investorlar keladi. Ularning o‘zlari pul tikib, qo‘llab-quvvatlashadi. Portugaliyada hozir texnologiya va turizm bilan bog‘liq startaplar tez rivojlanyapti.

Braziliyada bir yarim yildan buyon ishlayapman. Braziliya bilan ishlash juda qiyin. Chunki mamlakat juda rivojlangan. Xalqining xarakteriga ko‘ra, o‘zlarida bor mahsulotni tashqaridan olishmaydi. O‘zlarida ishlab chiqariladi. O‘zlariga investitsiya kiritishadi. Braziliyada ishlashning eng qulay yo‘li — Braziliyadan mahsulot olish yoki shu yerda kompaniya ochish. Xalqi xushmuomala, odobli. Dastlab xavfli degan tasavvur bo‘lgan. Lekin bu yer tamoman boshqacha. Odamlari sizga yordam beradi. Braziliyada tibbiyot va kosmetologiya sohasi yaxshi rivojlangan.

Shirin Chorshanbayeva (Portugaliya):

— Men ham O‘zbekiston bilan o‘z sohamda aloqa o‘rnatishga harakat qildim. Loyiham bo‘yicha yaqinda Toshkent stomatologiya instituti rektori boshchiligidagi delegatsiya Portugaliyaga kelishi kerak. O‘zim tahsil olgan universitetda shartnoma imzolanadi. Bu bosqichga kelguncha ancha yo‘l bosib o‘tildi. Bu ishga ikki yil oldin kirishgandim. Toshkent stomatologiya instituti talabalari bilan internet orqali tanishib, o‘zimizning ta'lim tizimimizni tanishtirib, o‘xshashlik va farqlar, yutuq va kamchiliklarni o‘rgandim. Almashinuv shartnomasini yo‘lga qo‘yishga harakat qildim. Hech qanday dastursiz ikki universitet o‘rtasida birdaniga kontrakt tuzishga harakat qildik. Hozirgi dasturga ko‘ra, 3 yoki 5 nafar talaba almashinib o‘qishi mumkin bo‘ladi. Bu magistratura va ordinatura talabalari uchun. Bunga hissa qo‘shishimga sabab sinfdoshlarim, dugonalarim bilan gaplashib, farqlarni sezganim sabab bo‘ldi. Texnologiyalar, yangi ishlaydigan texnikalar birinchi Yevropada chiqadi va bizga tezroq yetib keladi. Men xohladimki, men oladigan ta'limning barcha yaxshi tomonlarini O‘zbekistonda ham olishsin.

Bu yerda boshqa yurtni ko‘rishlari mumkin. Akam kabi men ham O‘zbekiston bilan qandaydir ko‘prik qurishni xohladim. Portugaliyada ustoz bilan talabada yaxshi aloqa bo‘ladi, ulardan qo‘rqmaymiz, erkin bo‘lamiz. O‘zlari nima bilsa hammasini o‘rgatishadi. Fakultetimiz shifoxonaning ichida joylashgan. Amaliyot jihatdan bu juda qulay. Ko‘p talabalar almashinuv asosida kelib o‘qishadi. Ta'lim portugal va ingliz tilida olib boriladi.

Javohir Chorshanbayev (Braziliya):

— Men o‘qigan universitetda asosiy ta'lim tili portugal tili bo‘lgan. Va boshqa davlatlardan dastur asosida talabalar kelishardi. Ularga o‘qish uchun material ingliz tilida yuborilar edi. Imtihonlari ham ingliz tilida o‘tkazilardi. Biz esa portugal tilida topshirardik. Darslar ham portugal tilida edi. Portugaliyada ingliz tilini deyarli hamma biladi, tushunadi. Xalqi ham yordamsevar. Bilmasangiz, tushunmasangiz, albatta, yordam qo‘lini cho‘zadi. O‘qigan vaqtim bir vaqtning o‘zida shanba-yakshanba kunlari ishlardim ham. O‘qib yurgan vaqtingizda ishlasangiz, oylik unchalik ko‘p bo‘lmaydi. Hisob-kitobni belgilab borish kerak.

Portugaliyada stipendiya yo‘q. 0 dan 20 gacha bo‘lgan darajada sizning ballingiz 16 dan baland bo‘lsa sizga rag‘batlantirish beriladi. Bu 1-semestrdan keyin to‘lanadi. Xorijdan kelgan talabalar kontraktni ham ko‘proq to‘laydilar. Yotoqxonalar beriladi, faqat unga avvalroq harakat qilish kerak bo‘ladi. Portugaliyada aholi o‘z shahridagi universitetlarga o‘qishga kirmaydi. Deyarli hamma boshqa shaharlardagi universitetlarga ketadi. Men va singlim o‘zimizga kirdik. Portugaliyada men o‘qigan paytlar platforma bo‘lardi. Unda kitoblar, manbalar joylangan. Ko‘p talabalar ishlab o‘qishga kela olmasligi mumkin. Ana shunday talabalar uchun bu juda qulay. Barcha taqdimotlar bor u yerda. Talaba ustozlar bilan aloqaga chiqib, fanlarni o‘zlashtirib borishi mumkin. Bitta fandan ikki marta dars qoldirish imkoniyati bo‘lardi. Ikki martadan ko‘p dars qoldirsangiz, imtihon olinadi. O‘ta olmasangiz, o‘sha fandan qolib ketasiz. Kursdan kursga qolmaysiz. Lekin kelasi yili bu fanni boshqa fanlar bilan birga o‘qishingizga to‘g‘ri keladi.

Imtihon vaqti kutubxonalar to‘lib ketadi. Joy egallash uchun ertalabdan hamma kutubxona band bo‘ladi. Odatda, talabalar 16-18 yoshdan keyin o‘qishga qiziqadi. Ishlay boshlaganda hamma o‘qishga qiziqadi. Albatta, men bilganlar shunday bo‘lgan. Har xil kitoblarga qiziqishadi. Universitetda an'analar bor. Formalar Harry Potter filmidagidek bo‘ladi. 1-2-yillarda kitob, o‘qishga qiziqish bo‘lmaydi. 3-4-yilda hammasi o‘zgaradi. O‘zining bilimi, dunyoqarashini boyitishga harakat qiladi. 3-yilda ko‘pchilik boshqa universitetlarda o‘qishadi. Kelajakda O‘zbekistonga sentyabrda borish niyatim bor. O‘zim amaliyot o‘tagan Savdo-sanoat palatasiga borib O‘zbekiston bilan ishlash niyatidaman. Lekin u yerda qandaydir biznes ochish fikrim aniq tayyor emas. Shunday niyat bor, albatta.

Shirin Chorshanbayeva (Portugaliya):

— Portugaliyada Yevropaning boshqa davlatlariga nisbatan tibbiyot sohasida o‘qish arzon. Lekin 2 yil oldin 7 baravarga oshirishdi. 7000-8000 dollar to‘lab o‘qish mumkin. “Ishchi-talaba” rejimi mavjud. Unda talabalar darslarga bormasa ham imtihonlarni topshiradi. Fanlarni o‘zlashtiradi. Lekin bormagani uchun haydalmaydi.

Fakultetimizdagi bir ustozim bilan assistent sifatida ishga olingandik — shu bo‘yicha onlayn darslar o‘tkazdik. Nazariya tomoni yakunlandi. Yozda O‘zbekistonga borib, amaliyot darslarini o‘tish rejalashtirilmoqda. Onam o‘zbek tili o‘qituvchisi bo‘lganlar. Ular bizga tilimiz esimizdan chiqmasligi uchun bolalikdan diktant yozdirib keladilar. By tilimizni unutib yubormasligimiz uchun qilingan. Uyda ham o‘zbek tilida gaplashishga harakat qilamiz.

Dadam esa doim qayerda bo‘lmang, o‘zbek ekaningizni unutmay, vatanga hissa qo‘shsangiz, bu mening eng katta investitsiyam bo‘ladi deb takrorlaydilar. Qayerda bo‘lmaylik, o‘zbekligimizdan faxrlanamiz.

To‘liq videoni UzbekLife’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Ufora Habibullayeva suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: