Yer uchastkalarini investitsiya majburiyati bilan sotish amaliyoti to‘xtatiladi

Iqtisodiyot 22:05 / 08.07.2021 22168

O‘zbekistonda yer uchastkalarini investitsiya majburiyati bilan sotish amaliyoti to‘xtatiladi va yerlar bozor bahosida elektron savdolarga chiqariladi.

Bu haqda 2021 yil 8 iyul kuni qabul qilingan prezident farmonida belgilandi.

Farmon bilan, davlat aktivlarini “1 so‘m” boshlang‘ich qiymatda savdolarga chiqarish amaliyoti ham bekor qilindi.

Onlayn auksionda qatnashish uchun to‘lovlar ham bekor qilinadi va tadbirkorlarga elektron ro‘yxatdan o‘tish xarajatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan qoplab beriladi.

Auksionda mulkni sotib olganda, to‘lov muddati hozirgi 5 kundan 15 kungacha uzaytiriladi.

Bundan buyon, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarning bino-inshootlari, transport vositalarini sotish va ijaraga berishni faqat elektron auksion orqali amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Hujjatda, shuningdek, davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablag‘larning budjetga yo‘naltiriladigan qismi amaldagi 73 foizdan 87 foizga oshiriladi.

Alohida qarorlar asosida xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larning yirik kompaniyalarga o‘tkaziladigan qismini budjetga yo‘naltirish, hokimliklar qarori bilan sotilgan obektlardan tushadigan mablag‘larning budjetga yo‘naltiriladigan qismini 73 foizdan 87 foizga oshirish va uni tegishli viloyat, tuman (shahar) budjetlariga teng ulushlarda yo‘naltirish tasdiqlandi.

Buning natijasida davlat budjetiga, shu jumladan, tuman va shaharlar mahalliy budjetlariga tushumlar ko‘payishi, davlat aktivining bozor qiymatida sotilishi va korrupsion xatti-harakatlarning oldi olinishi ko‘zda tutilgan.

Davaktiv agentligiga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 541tani tashkil etadi. 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyada 4 yil ichida davlat ishtirokidagi korxonalar soni 75 foizga qisqartirilishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: