Samarqandda mashina ustasini qo‘rqitib pul talab qilgan taksi haydovchisi qamoqqa olindi

Jamiyat 16:02 / 08.07.2021 3471

Samarqandda mashina ustasini qo‘rqitib pul talab qilgan taksi haydovchisi ushlangan. Aniqlanishicha, u bundan avval ham boshqa ustalarni qo‘rqitib pul olib yurgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand shahrida joylashgan avtomobillarni ta'mirlash korxonasi rahbari O‘.D. viloyat IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Unda yozilishicha, O‘.D. Oqdaryo tumanida yashovchi, yoshi 25-30 yoshlarda bo‘lgan «Farrux» ismli shaxsning taksi mashinasini ta'mirlab bermagan. Shundan so‘ng «Farrux» boshqa joyda mashinasini qimmat narxda ta'mirlatganini vaj qilib, ustaxona ustidan arizalar yozgan. O‘.D.ni tinch qo‘ymaslik bilan muntazam ravishda qo‘rqitgan va tovlamachilik bilan 3 million so‘m pul talab qilib kelgan. O‘.D. o‘z murojaatida viloyat IIB boshlig‘idan ushbu shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan viloyat IIB JQB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi hamda Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB JQB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda, 1992 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahar Maxtumquli ko‘chasida yashovchi F.S. ariza muallifi O‘.D.dan tinch qo‘yish evaziga 2 million so‘mni olayotgan vaqtda ushlangan. Undan ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Surishtiruvlar davomida ushbu shaxs bu kabi holatlarni boshqa fuqarolarga nisbatan ham sodir qilgani aniqlangan.

Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, F.S. protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Ko‘proq yangiliklar: