Koreyadagi ta'lim, talabalarga imtiyozlar va kutubxonalar haqida - Pusan milliy universiteti talabasi bilan suhbat

Jamiyat 18:00 / 08.07.2021 7007

Suhbatimiz Janubiy Koreyadagi ta'lim, talabalarga beriladigan imtiyoz va imkoniyatlar haqida kechdi.

O‘zini namoyon qila olgan talabalar uchun imkoniyatlar yetarlicha

Xorijda o‘qishga qiziqishimga rivojlangan davlatlardagi ta'lim tizimi sifati va bu mamlakatlardagi imkoniyatlar, mazkur universitetlarni tamomlagach, erishishingiz mumkin bo‘lgan natijalar sabab bo‘lgan.

Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarim ham chet elda tahsil oladigan yoshlarning bloglarini kuzatib, ularga havas qilardim. 2018 yil tavakkal qilib o‘qishga topshirdim va qabul qilindim. Hozir men ta'lim oladigan universitet Koreyada TOP-10 talikka kiradi. Yo‘nalishim «Global studies», ba'zi ta'lim muassasalarida «Global affairs» deb ham ataladi. Buni global ta'lim deb ham tarjima qilish mumkin. Bu yo‘nalish boshqalariga nisbatan yosh. Lekin xalqaro aloqalar sohasi bunga yaqin turadi. Ammo «Global studies» xalqaro aloqalardan tashqari, xalqaro iqtisodiyot, xalqaro moliya, xalqaro o‘zgarishlar va globalizatsiyani ham o‘z ichiga oladi. Keng qamrovli soha bo‘lgani uchun ichki tanlov asosida ma'lum bir yo‘nalishni olish mumkin. Xalqaro aloqalar bo‘yicha ketishni istasangiz, xalqaro siyosatga doir fanlarni o‘qiysiz. O‘z qiziqishingizga qarab keyingi qadamni qo‘ysangiz bo‘ladi.

Pusan milliy universiteti o‘z nomi bilan milliy universitet. Ta'lim tizimi yetarlicha raqobatbardosh, juda ham ko‘p abituriyentlar topshiradi, lekin kamchilik o‘qishga qabul qilinadi. Endilikda qabul kvotalari biroz ko‘paymoqda. Lekin boshqa universitetlarga qaraganda chet ellik talabalar soni kamroq. To‘lov-kontrakt miqdori ham boshqa universitetlarga nisbatan kam — 2–3 baravar arzon. Har semestr TOP-3 talikka kirgan eng yaxshi talabalarga kontrakt uchun 70 foiz, 15 kishiga 40 yoki 50 foizlik imtiyozlar berishadi. O‘z yo‘nalishini yaxshi ko‘rsatkichlar bilan tamomlagan talabalar shu tarzda moddiy rag‘batlantiriladi. Shu sabab ham talabalar bir semestr yaxshi o‘qib, keyin o‘qishni tashlab yuborishmaydi, har semestrda kontraktni kamroq to‘lash uchun ham harakat qilishadi. Bular faqat bizning universitetga tegishli emas, Koreyadagi yoki boshqa mamlakatlardagi universitetlarda ham shu kabi pulli imtiyozlar bor. Agar o‘qisangiz, o‘zingiz namoyon qila olsangiz, har xil imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Moddiy rag‘bat talabalarga motivatsiya beradi

Koreyada bunday imtiyoz tizimi deyarli hamma universitetda bor. Siz ma'lum bir balldan yuqoriroq yig‘sangiz, masalan, GPA baholash tizimi bor, 4,5 ballikda baholanadi. Umumiy ball 4 dan oshsa, ko‘plab universitetlarda yuqorida ta'kidlangan stipendiyalarni olsangiz bo‘ladi. Bu talabalarga yetarlicha motivatsiya beradi, kimdir moliyaviy jihatdan qiynalgan bo‘lsa u uchun katta yordam bo‘ladi deb hisoblayman. Bulardan tashqari, o‘qigan, faol talabalar uchun ko‘plab dasturlar bor. Ularda qatnashib, ma'lum o‘rinlarni egallagan yoshlar uchun sayohatlar, seminarlar, boshqa bir xalqaro universitetlarda o‘qib kelish uchun xarajatlarning ma'lum qismini qoplab berishadi. Bu tizim O‘zbekistonda ham bor, albatta.

Shulardan biri almashinuv dasturi. Siz chet ellik talaba bo‘laturib, yana mana shu dastur orqali boshqa xorijiy universitetda tekin yoki qisman xarajat bilan ma'lum muddat o‘qib kelishingiz mumkin. Pusan milliy universiteti har yili 200–300 talabani boshqa xalqaro universitetlarga almashinuv dasturi orqali yuboradi. Shundan 2 nafar talabaning xarajatlari qoplab beriladi. Men 2019 yili yozda bu dasturga harakat qildim va 2020 yil bahorgi semestrni Amerikaning Nyu Hampshir shtatida o‘qidim. Ya'ni yutib chiqdim va xarajatlarimni qoplab berishdi, bir semestr davomida o‘sha yerda tahsil oldim. Hozirda pandemiya tufayli bunday dasturlarda ham tanaffus bo‘ldi, menimcha, lekin 2020 yil pandemiyadan oldin men Amerikaga borib o‘qishni boshlagan edim. Yaqinda yana insholar tanlovi ham bo‘lib o‘tdi. 4 kishini tanlab olib, Jyeju orolida bo‘layotgan seminarga hamma xarajatlari qoplangan holda yo‘llanma berishdi. Munosib ko‘rilganlar orasida men ham borman va bundan xursandman. Bu BMTning pandemiya borasidagi seminari edi. Bu kabi tanlovlar juda ko‘p. Bizdan talab qilingani esa qiziqish, izlanish, munosib ishtirok, xolos. Ana shunda talaba hayoti ham zerikarli bo‘lib qolmaydi.

 Kutubxonalarda joylar oldindan band qilinadi

Universitet kutubxonalarining o‘ziga xosligi ularning ikkiga bo‘linishida deb o‘ylayman. Biri kitob olishga mo‘ljallangan, ikkinchisi esa dars qilishga. Birinchisiga asosan kitob olish uchun boramiz, agar dars qilmoqchi bo‘lsak, ikkinchisiga boramiz. Yana bir o‘ziga xosligi, har bir joyni oldindan band qilasiz, ro‘yxatdan o‘tishda o‘rindiq raqamini belgilab, ma'lum muddatga band qilishingiz mumkin. Ko‘pi bilan 2–3 soat band qilish imkoni bor. Chunki hamma talabalar dars qilishi kerak. Agar o‘zingiz qidirgan kitobni topa olmasangiz, kutubxona orqali buyurtma bersangiz ham bo‘ladi. Universitet o‘sha kitobni topib, olib kelib beradi.

Kutubxonalar juda chiroyli, tartibli, shovqin kam, u yerda sizga xalaqit beradigan hech narsani ko‘rmaysiz. Tartibga rioya qilmasangiz, ogohlantirish berishadi. Dam oladigan joylari ham bor. Dars qilib, biroz toza havodan nafas olishga sharoitlar yaratilgan. Ish soati 21 gacha, dars qiladigan kutubxonalarning bir qavati 24 gacha ishlaydi. Imtihon vaqtlarida ma'lum qavatlar 24 soat ishlaydigan qilib ochib qo‘yiladi.

 One room’ga chiqib ketishadi

O‘zbekistonda o‘qiydigan, aqlli talabalar ko‘p. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Lekin Koreyada universitetga kirgandan keyin ko‘pchilik talabalar astoydil o‘qishadi. Bu yerda ham yaxshi o‘qimaydigan, yaxshi o‘qiy olmaydigan talabalar bor. Lekin universitetga kirgandan keyin ko‘pchilik talabalar o‘zi tanlagan fanni o‘qiydi, tugatadi. O‘qiydigan talabalarga kelsak, ular katta stress bilan tayyorlanib, tuni bilan uxlamaydi. Ayniqsa, imtihon haftalarida. Koreyada o‘qiydigan o‘zbek talabalari ham shunday. Juda ko‘p dars qilishadi. Ularni chalg‘itadigan ortiqcha narsa yo‘q. O‘qish tugaganda hafta oxirida o‘yin-kulgi qilishadi. Bilishimcha, ko‘pchilik talabalar oilasi bilan yashamaydi. Oilasi shu shaharda yashasa ham, ular One room’ga — bir xonali uylar desa bo‘ladi — chiqib ketishadi. Shaxsan men tanigan talabalar shunday.

Asosiy maqsadini unutmagan inson barchasini uddalaydi

Koreyslar universitetga kirishga va o‘qishga shoshilmaydi. Aksincha, ko‘proq o‘qishga harakat qilishadi. Yetarlicha o‘ylab olishga vaqt sarflashadi. O‘rtada oraliq dam olishadi, bu “gap year” – aniq qarorga kelish, diqqatini jamlash va kelajaklarini aniq tasavvur qilish uchun. Ular maktabni bitirib chiqishgan vaqti haqiqiy talaba bo‘lish uchun ko‘p hunarlarni egallab chiqishadi.

Bizda maktabni tugatgan, ba'zida universitetlarni tamomlaganlar ham vaqt taqsimlash va unga amal qilish, qancha o‘qish, qancha dam olishni bilmasligi mumkin. Kelgan paytim hayron qolgandim: talabalar vaqt bilan doimiy hisoblashadilar. 45 daqiqa o‘qib, 15 daqiqa dam olishadi. Yonida soat olib yurishadi, kundalik ishlarini yozib borishadi. Ular yetarlicha madaniyatli. Talabalar orasida hech qachon turli kelishmovchilik chiqqanini eshitmaganman. Ular bir-birini hurmat qiladi. Har bir ishining oqibatini o‘ylashadi. O‘zbeklar madaniyatiga o‘xshash jihatlari biz qadrlagan an'analar – oila, ota-ona, o‘zidan kattani hurmat qilish saqlanib qolgan. Balki bizdagichalik kuchli emasdir, lekin bor. Yevropadan farqi, universitetda yoshi katta professorlar, ustozlarni olaylik, ularga alohida hurmat ko‘rsatilishi kerak, O‘zbekistonda ham ustozlar shogirdlari bilan yaqindan muloqot qilishi, aka-ukadek bo‘lib ketishi mumkin, bilishimcha. Lekin bu yerda doim masofa saqlanadi, erkin muloqot qilish qiyin. Albatta, odatlarimizda bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan, qiyinchilik tug‘diradigan tomonlar ham bor. Bular haqda ko‘p gapiriladi. Lekin maqsadini unutmagan inson barcha qiyinchiliklarni yengib o‘ta oladi.

 Mohidil Abdullayeva suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: