Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) ichki bozorda narxlar bo‘yicha monitoring natijalarini e'lon qildi. Xususan, 2021 yil 26 maydan 30 iyungacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan narxlarning viloyatlar, tumanlar va shaharlar bo‘yicha o‘zgarishi tahlil qilingan.
Quyida ko‘rib chiqilayotgan davr uchun kartoshka, mol go‘shti, sut, tuxum, o‘simlik yog‘i, guruch, bug‘doy uni, shakar narxlarining o‘zgarishi keltirilgan.
Respublikada o‘rtacha narxlarning o‘sishi mol go‘shti (1 foiz yoki 61 ming 867 so‘m/kg), sut (1,2 foiz yoki 6 160 so‘m/litr) va shakar (1 foiz yoki 8 492 so‘m/kg) narxlarida aks ettirilgan.
Hududlar kesimida eng yuqori narx o‘sishi:
- mol go‘shti Xorazm (5 foiz), Qashqadaryo (1,7 foiz) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (1,7 foiz) va Toshkent shahrida (1,8 foiz);
- sut Andijon (5,4 foiz), Samarqand (3,3 foiz) viloyatlarida;
- shakar Surxondaryo (4,1 foiz), Buxoro (3,2 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (2,4 foiz).
Respublikada oy davomida o‘rtacha narxlarning pasayishi tuxum (7,8 foiz yoki 9 834 so‘m/10 donasi), kartoshka (18,3 foiz yoki 3 337 so‘m/kg), guruch (0,3 foiz yoki 10 ming 123 so‘m/kg), o‘simlik yog‘i (0,9 foiz yoki 18 ming 804 so‘m/litr) va bug‘doy uni (0,1 foiz yoki 4 873 so‘m/kg) kabi mahsulotlar narxida qayd etilgan.
Hududlar kesimida narxlarning eng katta pasayishi quyidagilar uchun kuzatilgan:
- mol go‘shti Navoiy (3 foiz) viloyatida;
- sut Sirdaryo (3,2 foiz) va Xorazm (2,1 foiz) viloyatlarida;
- tuxum Surxondaryo (17,3 foiz), Jizzax (11,5 foiz), Namangan (10,7 foiz) viloyatlarida;
- kartoshka Xorazm (25,8 foiz), Farg‘ona (25,6 foiz), Surxondaryo (24,6 foiz), Namangan (23,8 foiz) viloyatlarida;
- guruch Andijon (2,6 foiz), Samarqand (1,3 foiz), Qashqadaryo (0,8 foiz) viloyatlarida;
- bug‘doy uni Namangan (4,8 foiz), Navoiy (1,6 foiz) viloyatlarida;
- shakar Xorazm (2,1 foiz), Sirdaryo (1,5 foiz) viloyatlarida.