Neft narxi 3 yillik rekordni yangiladi

Iqtisodiyot 01:14 / 06.07.2021 15563

5 iyulda Londonning ICE birjasida Brent nefti narxi 1,3 foizga ko‘tarilib, 2018 yil 30 oktyabrdan beri ilk bor bir barreli uchun 77 dollardan oshdi.

Savdolar vaqtida Brent turidagi neft narxi 77,13 dollargacha yetgan. Ushbu neft oxirgi marta 2018 yil oktyabr oxirida 77 dollardan yuqoriroq turgan.

WTI nefti narxi esa 1,6 foizga oshib, 76,32 dollarga yetgan.

Bloomberg axborot agentligining xabar qilishicha, neft narxi oshishi OPeK+ ishtirokchilari o‘rtasidagi kelishmovchilik bilan bog‘langan. 5 iyulda Venada neft qazib oluvchi davlatlar ishtirokida bir necha kun davom etgan muzokaralar o‘z yakuniga yetdi. Biroq uchrashuv ishtirokchilari Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilikni yengib o‘ta olishmagan.

Bundan tashqari, OPeK+ning keyingi uchrashuvi qachon o‘tishi bo‘yicha bir to‘xtamga kelinmagan. Muzokaralardagi muvaffaqiyatsizlik alyans avgust oyida neft hajmini oshirmasligini anglatadi. Bu esa pandemiyadan keyin jahon iqtisodiyoti tiklanayotgan vaziyatda bozorda neft tanqisligini yuzaga keltirishi mumkin.

Avvalroq Bank of America tahlilchilari neft narxi 100 dollargacha ko‘tarilishini prognoz qilishgan. Ularning fikricha, buning uchun 6ta sabab bor. Ulardan 3tasi talab, yana 3tasi esa taklif bilan bog‘langan.

Ko‘proq yangiliklar: