O‘zbekistonda 40 million tonnadan ortiq mis zaxirasi aniqlangan – Sherzod Asadov

Iqtisodiyot 11:38 / 05.07.2021 9355

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov OAV uchun o‘tkazilgan an'anaviy brifingda o‘tgan haftada davlat rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirlar ahamiyati haqida ma'lumot berdi.

«Prezident 28 iyun kuni mis ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish hamda sanoat klasterini tashkil etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari bu sohaga alohida e'tibor qaratayotgani bejiz emas. Xalqaro ekspertlarning fikricha, elektromobillar, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya sohalarining rivojlanishi evaziga 2030 yilga borib dunyoda misga bo‘lgan talab 40 foizga oshishi kutilmoqda. 

O‘zbekistonda esa bu bozorni egallash bo‘yicha juda katta imkoniyat bor. Oxirgi yillarda geologik qidiruvlarga ajratilgan mablag‘lar natijasida yurtimizda yangi-yangi konlar topilmoqda. Xususan, bugungi kunda 40 million tonnadan ortiq mis zaxirasi aniqlangan.

Eng asosiysi, davlat rahbari endi misni quruq xomashyo shaklida emas, balki uni qayta ishlab, qo‘shilgan qiymatli mahsulot sifatida sotish talabini qo‘ymoqda. 

Bugungi kunda misning qariyb 60 foizi xomashyo sifatida eksport qilinmoqda. Misdan keladigan daromad 2,5 milliard dollarni tashkil etayotir. Kelgusi 5 yilda mis ishlab chiqarish hajmini 400 ming tonnagacha yetkazish orqali bu ko‘rsatkichni, turdosh tarmoqlar bilan birga, 7-8 milliard dollarga yetkazish mumkin. 

Mis ishlab chiqarishda bitta ish o‘rni tashkil etilsa, klaster usulida unga bog‘liq elektrotexnika, mashinasozlik, injiniring kabi sohalarda 6tagacha ish o‘rni yaratiladi. Ya'ni ish o‘rinlari 6 barobar ko‘payadi. 

Shu maqsadda, prezidentimiz qaroriga muvofiq, Mis sanoati klasteri tashkil etilmoqda. Ushbu klaster tomonidan loyihalashtirishdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar tizimli tashkil etiladi.

Shu bilan birga, geologiya-qidiruv ishlari ham davom ettiriladi. Davlatimiz rahbari yig‘ilishda rangli va noyob metallarni qidiruv ishlarini kengaytirish bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdilar», deya Sherzod Asadovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: