AQSh Davlat departamenti tomonidan e'lon qilingan Jahondagi odam savdosi bo‘yicha hisobotda O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini yaxshilab, ikkinchi va uchinchi toifalar orasidagi «davlatlarning nazorat ro‘yxati»dan chiqarilib, 2-toifadan o‘rin oldi.
Hujjatda O‘zbekiston davlat idoralari minimal talablarni to‘liq bajarmagan, shuningdek, davlat o‘z faoliyatini ushbu standartlarga muvofiqlashtirish uchun jiddiy harakatlarni amalga oshiradigan mamlakatlar qatoridan joy olgani aytiladi.
O‘zbekiston hukumatining paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatning oldini olish, majburiy mehnatga qarshi qonun buzilishlarini aniqlash hamda qonunbuzarlarni javobgarlikka tortishga oid sa'y-harakatlari e'tirof etilgan.
Hisobotda davlatlar 3+2 toifaga ajratilgan:
1-toifa – davlat idoralari odam savdosini bartaraf etish bo‘yicha minimal standartlarga to‘liq amal qiladigan mamlakatlar (Kanada, AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Finlandiya, Fransiya, Chexiya, Ispaniya va boshqalar).
2-toifa – davlat idoralari minimal talablarni to‘liq bajarmagan, ammo o‘z faoliyatini ushbu standartlarga muvofiqlashtirish uchun salmoqli harakatlarni amalga oshiradigan mamlakatlar (Germaniya, Braziliya, Italiya, Shveytsariya, Yangi Zelandiya, Isroil, Yaponiya, Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA, Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqalar).
2- va 3-toifadagi davlatlar o‘rtasida oraliq – «2-toifadagi davlatlarning nazorat ro‘yxati» (Belarus, Ozarboyjon, Pokiston va Afrikaning o‘nlab davlatlari kiritilgan).
3-toifa – davlat idoralari minimal talablarga to‘liq rioya qilmaydigan va o‘z faoliyatini ushbu standartlarga muvofiqlashtirish uchun jiddiy harakatlarni amalga oshirmaydigan mamlakatlar (Turkmaniston, Rossiya, Shimoliy Koreya, Afg‘oniston, Malayziya va boshqalar).
Maxsus ro‘yxat – Somali, Yaman va Liviya.
Shuningdek, tashkilot O‘zbekistonga o‘z tavsiyalarini ham berib o‘tgan. Xususan:
- barcha fuqarolarga paxta terish yoki o‘z professional majburiyatiga kirmaydigan ishlarni hamda shunday ishlarga pul berishni rad qilish huquqi borligini tushuntirish;
- qonunchilikka majburiy mehnat yo‘l qo‘yilgan birinchi holatdayoq jinoiy javobgarlik belgilash bo‘yicha o‘zgartirish kiritish;
- paxta mavsumidagi majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha mustaqil kuzatish olib borayotgan faollar va jurnalistlarni ta'qib qilishni butunlay to‘xtatish;
- kasaba uyushmalarini mahalliy hokimiyatlar aralashuvisiz ro‘yxatdan o‘tishini osonlashtirish;
- qonunchilikka inson savdosi bilan shug‘ullanayotganlarning qistovi bilan qonunni buzgan (chegarani noqonuniy kesib o‘tish, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qolishi) fuqarolarni jazolashni bekor qiluvchi normalarni kiritish va boshqalar.
2020 yilda O‘zbekistonda odam savdosi bilan bog‘liq 93ta ish bo‘yicha 566ta tergov harakatlari olib borilib, 100 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Hisobotda aytilishicha, mamlakatdagi pandemiya tufayli odam savdosi qurbonlari va aybdorlariga doir aniq raqamlarni aniqlashda biroz chalkashliklar va mavhumlik bor.