Islom sivilizatsiyasi markazida Qur'oni karimni o‘rganish kurslari ochildi

Jamiyat 13:46 / 05.07.2021 44908

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi «Allomalar merosi» o‘quv markazida Qur'oni karimni o‘rganish kurslari tashkil etildi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashkilotchilarning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, o‘quv kurslari uch bosqichda amalga oshiriladi:

  • 1-bosqich – arab harflarini o‘rgatish (1 oy):
  • 2-bosqich – tajvid bilan o‘qish qoidalari (3 oy);
  • 3-bosqich – Qur'oni Karimni o‘qish va yodlash (7 oy).

Guruhlar tinglovchilarning bilim darajasi, yoshi, jinsi va boshqa pedagogik shartlarga muvofiq 16-20 kishilik bo‘lib, davomiyligi o‘quvchining o‘zlashtirish darajasiga bog‘liq bo‘ladi. O‘quvchilarning yoshi chegaralanmagan va bilim darajasiga qarab istalgan kursni bosqichdan boshlashlari mumkin.

Bir hafta davomida ikki martadan bo‘lishi rejalashtirilgan kurslarning bir oylik narxi 400 ming so‘m.

Kurslar hozircha Toshkent shahri va Toshkent viloyatida mavjud. Tashkilotchilar talab va imkoniyatlardan kelib chiqib keyinroq boshqa hududlarda ham Qur'on kurslari ochilishi mumkinligini istisno qilmadi.

«Imkoni boricha ariza berganlarning barchasi qamrab olinadi, bunda guruhlarning shakllanishi va resurslarimizga qaraymiz. Kurslarini bitirgan tinglovchilarga o‘quv markazining sertifikati taqdim etiladi. Lekin, bu sertifikat ular boshqalarni Qur'oni Karimni o‘qitishiga ruxsatnoma yoki ijoza hisoblanmaydi,” – dedi Kun.uz bilan gaplashgan markaz xodimi.

O‘quv kursiga yozilish uchun ushbu havola orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish kerak.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yildan boshlab O‘zbekistondagi 12 ta – oliy va o‘rta maxsus diniy ta'lim muassasalari, 5 ta – ilmiy maktablari qoshida, jami 17 ta pullik «Qur'oni karim va tajvid» kurslari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu kurslar 3 oy davom etadi va umumiy narxi 980 ming so‘m atrofida.

Ko‘proq yangiliklar: