Navoiy viloyati, Xatirchi tumani Tamabahrin mahallasini “Abituriyentlar mahallasi” deb ham atashadi. Bu yerga har yili tuman, viloyatning turli hududlaridan, hatto boshqa viloyatlardan OTMga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar oqib keladi. Ular o‘quv yili boshlanishidan oldin o‘zlari tanlagan fanlar bo‘yicha repetitorlarning sinovlaridan o‘tib, darslarga qatnay boshlaydi.
Qisqacha ta'riflasa, Buxoroning Qorako‘lidagi tayyorlov markaziga o‘xshab ketadi. Faqat bir farqi Qorako‘l hozir alohida maktab sifatida e'tirof etiladi, Tamabahrindagi tayyorlov markazi esa hozircha bu ta'rifdan bebahra.
O‘qituvchilarning aytishicha, mahalliy abituriyentlarni hisoblamaganda mahallada yiliga 3-4 ming atrofida abituriyent yashaydi va bu son doimiy oshib boryapti. Shuncha abituriyentning bir mahallada yashashi hududda ularni ijaraga qo‘yadigan oilalarning ham, do‘konlar va ovqatlanish shoxobchalarining ham daromadi oshishiga sabab bo‘lyapti.
Repetitorlar esa abituriyentlar nazoratini mahalla idorasi va uchastka nozirlari bilan hamkorlikda olib boradi.
Abituriyentlar aholi xonadonlariga joylashtirilib, repetitorlar va ota-onalar hamkorligida nazorat qilib boriladi. O‘g‘il bolalar uchun xonadon bekasi ovqat pishirib beradi (bu bilan narx sal qimmatlashadi).
O‘quvchilar qanday saralanadi?
“Yangi abituriyentlarga avgust oyida, dastlab, biror mavzu berib yuboriladi. Tayyorgarlik ko‘rib kelishgach o‘sha mavzu bo‘yicha test bilan va og‘zaki tarzda imtihon qilinadi. Abituriyentlar shu usulda saralangach, ular sentyabrdan darsga kela boshlaydi. Natijalarni ota-onalarga doimiy yuborib turamiz.
Abituriyentlar guruhlarga ham bilimiga qarab joylashtiriladi”, deydi hududda tarix fanidan repetitorlik qilayotgan o‘qituvchi Bahodir Xalilov.
Matematika fani o‘qituvchisi Yusuf Izomiddinovning aytishicha, matematikani o‘qish uchun kelgan abituriyentlar birinchi navbatda boshlang‘ich mavzularni o‘rganadi, bir oydan so‘ng ular imtihon qilinib, bilimiga qarab kursda olib qolinadi.
Kimyo fani o‘qituvchisi Farrux Nurullayev fanni o‘zlashtirish uchun kelgan abituriyentlar sinovdan o‘ta olmasa, boshqa fanlarga yo‘naltirilishini aytib o‘tdi. Shunday qilib hududda turli fanlardan darslar boshlanib ketadi.
Fan kunlari va reyting tizimi
Hududda dars o‘tadigan 40dan ortiq o‘qituvchi birga ishlagani uchun hafta kunlari ham darslarga mos qilib bo‘lib olingan.
“Masalan, chorshanba – tarix yoki matematika kuni, shanba – ona tili, ingliz tili kuni hisoblanadi. Bu abituriyentlarning qulay dars qilishiga yordam beradi”, deydi ona tili fani o‘qituvchisi Anvar Baxranov.
Tamabahrin repetitorlari abituriyentlar uchun reyting tizimini ham joriy qilgan. Bunda abituriyentlar oy davomida ko‘rsatgan natijalariga qarab arzon, o‘rtacha va qimmat oylik to‘lov qilishadi. Bu kabi moddiy stimul evaziga ularda o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishga xizmat qilishi maqsad qilingan.
Darslar asosan, o‘qituvchilarning uylarida o‘tiladi. Bunga sabab bir vaqtlar hududdagi maktabda boshlangan repetitorlik faoliyati maktabda davom ettirilishiga qarshilik bo‘lgan. Dars o‘tish uchun uylariga ko‘chgan o‘qituvchilar shu-shu uyda dars o‘tish an'anasini saqlab qolgan.
Hammasi qanday boshlangan?
Bu mahallada kurs faoliyatining boshlanishi bundan 25 yil oldinga – 1996 yilga borib taqaladi. Dastlab, hududdagi 22- va 44-umumta'lim maktablarining o‘sha paytdagi direktorlari Sa'dulla Beknazarov va Toshmamat Egamberdiyev tashabbus ko‘rsatgan.
Buning sababi o‘sha paytlarda yaqin atrofdagi maktablarning faqat 1-2 nafar bitiruvchisi OTMga kira olishi va yoshlarda talaba bo‘lish imkoni o‘ta pastligi bilan bog‘liq bo‘lgan.
“Birinchi navbatda, dars o‘ta oladigan o‘qituvchilarni saralab olishimiz kerak edi. Hamma fan uchun 30 nafardan o‘qituvchini yig‘ganmiz va sinov asosida ularni bir-ikki nafardan tanlab olganmiz. Sinovdan o‘ta olmagan o‘qituvchilar bizga yomon ko‘z bilan qarashgan”, deydi Xatirchi tumani 22-maktab sobiq direktori, kurs asoschilaridan biri Sa'dulla Beknazarov.
Uning aytishicha, birinchi yilda qabul qilingan 27 nafar abituriyentning 90 foizdan oshig‘i talaba bo‘lgan. O‘sha payt uchun, hatto hozir ham bu – katta natija.
“Natijamiz birdaniga shov-shuv bo‘lgandi. O‘sha yili DTM direktori bo‘lgan Muhsin Muhiddinov degan kishi viloyatga kelib biz bilan uchrashib tabriklagan. Mustaqillikning 5 yillik bayramini birinchi prezident Islom Karimov bilan birga nishonlash nasib qilgan”, deb xotirlaydi Sa'dulla Beknazarov.
Lekin xususiy ta'limning qabul qilinishi osonlik bilan bo‘lmagan.
“Avvaliga ota-onalar repetitorlikni tushunishi oson bo‘lmagan. O‘zi arzimagan pul olinardi to‘lov uchun, biroq “nega pul berishimiz kerak”, deb ham ko‘p e'tirozlar bildirishgan.
Direktorlar yig‘ilishlarida ustimizdan kulib, “bular bolalarni o‘qishga kiritadi”, deb kinoya bilan gapirishgan. Lekin keyingi yil natija yaxshi bo‘lgach o‘zlari bolalarini olib kelishdi. Yildan yilga odam ko‘payib boryapti, sababi hozir dars o‘tayotgan shogirdlarimiz ham tinimsiz o‘z ustida ishlayapti”, deydi Xatirchi tumanidagi 44-maktabning sobiq direktori, mahalladagi kurs asoschilaridan biri Toshmamat Egamberdiyev.
Aholi abituriyentlar orqali daromad qilyapti
“Dastlabki yillar hududdagi bolalar o‘qishga kelgan bolalarni ushlab olib kaltaklagan paytlar ham bo‘lgan. Biz ularni topib jazolashga harakat qilganmiz. Bir marta o‘qituvchining o‘g‘li abituriyent bolalarni urgan. O‘shanda o‘qituvchi odam “tupurdim kursingga” deb bizni haqoratlagan. 4 yildan so‘ng o‘sha o‘qituvchining o‘zi “bolalarimni o‘qitib bering” deb yalinib keldi. O‘qitdik, hozir katta odamlar bo‘lib ketishgan bolalari.
Boshida boshqa hududlardan kelgan abituriyentlarni aholi uyiga ijaraga qo‘yishni ham xohlamagan. Ular begona bo‘lgani uchun, mahalliy aholi uylariga joylashtirishga qo‘rqishgan. Shuning uchun bolalarni o‘z uylarimizga joylashtirishga majbur bo‘lganmiz. Keyin-keyin odamlar ularni qabul qilishga o‘rgandi. Kurs o‘qiyotgan bolalarning odob-axloqiga havas qilib, ularni uyiga joylashtira boshlashgan. Shu-shu ijara tizimi shakllandi. Ayrim oilalar faqat ijara sabab 2 mln so‘mgacha daromad qilyapti.
Hozir kurschilarga hamma hurmat qilan qaraydi. Taksichilar, do‘konlar, somsaxona ulardan pul olyapti. Bolalar ijaraga pul to‘lashyapti, soliqlar to‘lanyapti, ha, hammasi bo‘lyapti. Abituriyent bolalar orqasidan mahallaga million-million pullar oqib kelyapti”, deydi Sa'dulla Beknazarov.
U Tamabahrin mahallasi repetitorlik tizimi yo‘lga qo‘yilgani sabab obod bo‘layotgani, odamlarning ham turmushi yaxshilanayotgani haqida gapirib o‘tdi.
Chindan ham, reportaj davomida mahallaning ichki yo‘llari ham asfalt qilinganiga, yaqin atrofdagi boshqa mahallalar bilan solishtirganda farqli ravishda obodligiga biz ham guvoh bo‘ldik.
Hozir ikkinchi avlod dars o‘tyapti...
“Biz hududda repetitorlik bilan shug‘ullanayotgan ikkinchi avlodmiz. Hozir ustozlarimizning yo‘lini davom ettirib dars o‘tib kelyapmiz”, deydi Anvar Baxranov.
O‘qituvchilarning aytishicha, hozir kirish imtihonlariga yaqin qolgani uchun sinov imtihonlari ko‘proq olinyapti. O‘quvchilarning to‘plagan ballariga qarab qayerga hujjat topshirishi bo‘yicha tavsiyalar beriladi.
Qilgan ishlarimizdan faxrlanamiz...
Tamabahrinda yillar davomida tayyorlangan abituriyentlar bugun turli sohalarda mehnat qilyapti, nufuzli OTMlarda tahsil olyapti.
“25 yil davomida tayyorlagan o‘quvchilarimiz orasidan 10ga yaqin falsafa fanlari doktori yetishib chiqqan, ular turli sohalarda mehnat qilyapti. Bu ishlarimiz bilan faxrlanamiz”, deydi ustozlar.
Muhtojlarni bepul o‘qitish kerak – ustoz maslahati
Repetitorlik tamal toshini qo‘ygan ustoz Sa'dulla Beknazarovning tavsiya qilishicha, repetitorlar yil davomida o‘quvchilarni saralab borishi lozim. Yaxshi natija ko‘rsata olmaganlar ro‘yxatdan chiqarib borilishi, sinov adolatli bo‘lishi lozim.
“Biz har doim o‘quvchilarni saralab borganmiz. Sinovda yaxshi natija ko‘rsata olmaganlar o‘yindan chiqib borgan. Hozirgi o‘qituvchilar ham har qancha bolani o‘qitavermasligi kerak.
Bundan tashqari, moddiy jihatdan imkoni yo‘q abituriyentlarni bepul o‘qitardik. Hozir ham hududda bu an'ana saqlangan, adashmasam. Bunga ham e'tiborli bo‘lish kerak”, deya tavsiyalar berdi Sa'dulla Beknazarov va Toshmamat Egamberdiyev muallim.
Xullas, o‘ziga xos bu mahalla haqidagi materialni o‘qishdan ko‘ra u haqda tayyorlagan reportajimizni videodan ko‘rishni tavsiya qilamiz.
Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.