Samarqand viloyatida joylashgan Zarafshon milliy tabiat bog‘ida yong‘in ro‘y bergan. Bu haqda bog‘ xodimlariga tayanib O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, bugun 3 iyul kuni soat 21:00larda Zarafshon milliy tabiat bog‘ining 4-bo‘limida o‘rmon yong‘ini sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, hozirda Milliy tabiat bog‘ining xodimlari, Jomboy tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi o‘t o‘chiruvchi xodimlari hamda bog‘ga yaqin hududda yashovchi mahalliy aholi yordamida yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Ma'lumot uchun, «Zarafshon» milliy tabiat bog‘i O‘zbekistondagi 10 qo‘riqxona va milliy bog‘lardan biri bo‘lib, 1975 yilda qo‘riqxona sifatida tashkil qilingan, keyinchalik milliy tabiat bog‘iga aylantirilgan. Bog‘ maydoni 2352 gektarni tashkil qiladi va u Zarafshon daryosi bo‘ylab 47 kilometrga cho‘zilgan. Bog‘ning asosiy maqsadi – respublikada yo‘qolib borayotgan jonzotlar populyatsiyasini tiklash va saqlash, boshqa qush va hayvonlar turlarini muhofaza qilishdan iborat. Bu yerda 1995 yildan Buxoro bug‘usini ko‘paytirish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur bog‘da 2020 yilda ham yong‘in ro‘y bergan va bog‘ning 2 ming metr kvadrat maydonini qamrab olgandi.