Samarqandlik birinchi bloger sakson yoshni qarshiladi

Jamiyat 23:25 / 03.07.2021 1708

Nusrat Rahmat Samarqand tumanining Qo‘shmachit mahallasida tug‘ilgan. U “Zarafshon”, “Qishloq haqiqati”, “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetalari, “Mehnat” nashriyotida samarali ishlagan, ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan.

Adibning “Agar tabiatni sevsangiz” nomli kitobi 1975 yilda nashr etilgan. Shuningdek, “Chanqovuz”, “Olis-olis so‘qmoqlar”, “Dasht”, “Zamondosh o‘ylari”, “Seleksiya mo‘jizasi”, “So‘qmoqlar va saboqlar”, “Farzandga o‘gitlar” singari hikoya va ocherklardan iborat kitoblari bosilgan. “Taqdimot” nomli she'rlar, “Fojia” deb nomlangan hikoyalar to‘plami nashr etilgan. Ayniqsa, uning “Men muxbirman”, “Men redaksiyadanman”, “Eng ashaddiy kallakesar“, “Asqad Muxtor dedilar” kabi to‘plamlari o‘quvchilarning sevimli asariga aylanib ulgurgan. “Jadid” nomli romani esa yetakchi jadidlardan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida yozilgan bo‘lib, millat ziyolisini o‘quvchilar ko‘z o‘ngida yana bir daraja ko‘tarib, uning siymosini yorqinroq tanishtirdi, deyish mumkin.

Nusrat Rahmat 2004 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Nusrat Rahmat bugun ham ijod maydonida faol, zamon talablarini chuqur his etgan holda internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda yangi asarlari bilan qatnashib kelayotganini e'tirof etmoq kerak.

Ta'bir joiz bo‘lsa, Nusrat Rahmat blogerlikni boshlaganiga o‘n yildan oshdi. Internetda o‘z blogini ochib, bu borada yana yoshlarga ibrat bo‘la oldi. Jamiyatning eng qaynoq voqeliklariga tezkorlik bilan munosabat bildirib kelmoqda.

3 iyul, Nusrat Rahmat tug‘ilgan kunda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham uning xonadonida bo‘ldi. Shuningdek, adibga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidning tabrik xati va esdalik sovg‘asi topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: