Bunday tezkorlik bank-moliya sohasi faollarini xavotirga tushirdi. Kun.uz buning sababi va qonunchilikda aslida nima o‘zgarganini o‘rgandi.
Ma'lum bo‘lishicha, bu qonun jamoatchilik vakillarida tashvish uyg‘otishiga bir necha sabablar bor.
Birinchidan, bank sirlariga oid qonunchilikka favqulodda tezlik bilan va ko‘zdan panada o‘zgarishlar kiritildi. Jamoatchilik qonun Senatga kelib tushgandagina bundan xabar topdi.
Ikkinchidan, na qonun tashabbuskorlari va na Markaziy bank qonundagi o‘zgarishlar mohiyati haqida yetarlicha aniq va tushunarli ma'lumot bermadi.
Uchinchidan, bu o‘zgarish nima uchun kerakligi haqida batafsil ma'lumotlar yo‘q. Bank sirlari daxlsizligi xavf ostida qolishi bo‘yicha xavotirlarga nisbatan asosli bayonotlar yangramadi.
“Banklar kerak emasmi?” — jamoatchilik xavotiri
Bank-moliya sohasining qator vakillari bank siriga oid ma'lumotlar prokuratura va tergov organlariga avtomatik taqdim etilishi ortidan “Bank siri to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini yo‘qotayotganidan xadik bildirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mazkur qonun loyihasini bir kunda uch marta o‘qishdan o‘tkazishga ulgurgan. Bu haqda Twitter'da berilgan savollarga javoban parlament deputati Doniyor G‘aniyev ma'lum qildi:
— “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Qachon ulgurdinglar?
— Seshanba kungi yig‘ilishda birdaniga 3ta o‘qishda ma'qullab yubordik. Bilasku, ba'zi qonunlarni qabul qilishda ilhomimiz kelib, tez ishlavoramiz)))
Buni haligacha tushunmasdan, qonunni 2-o‘qishdayoq qabul qilishga shoshmaylik degan men baloga qoldim har doimgidek)))
— Ya'ni “srochno” olib kelingan proyektni uch marta o‘qishga ulgurdinglarmi?
— Mas'ul qo‘mita aytishicha, qonun loyihasi ishchi guruhlarda chuqur o‘rganilgan ekan va xavotirga o‘rin yo‘q emish)))
Qanaqa o‘zgarish bo‘ldi o‘zi?
“Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning avvalgi tahririga binoan, tergovchi va surishtiruvchilar shaxsning bank siriga oid ma'lumotlarini olish uchun barcha holatlarda prokuror sanksiyasi bo‘lishi talab qilinar edi.
Kiritilgan o‘zgartishga asosan, bu tartib yengillashadi: endilikda huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqaroning banklarda hisobvarag‘i bor-yo‘qligini Markaziy bankning ma'lumotlar bazasidan avtomatik ravishda olishi mumkin. Buning uchun prokuror sanksiya berishi shart emas.
Qonunga ko‘ra, fuqaroning bankda hisobvarag‘i bor-yo‘qligi haqidagi ma'lumot – bank siri hisoblanadi. Shu sirni bilish uchun endilikda tergovchilar prokurordan sanksiya olishlari shart emas. Ammo sanksiya olish talab etilmaydigan holatlar faqat shu bilan cheklangan: ya'ni hisobvaraqda pul bor-yo‘qligi, undagi qoldiq mablag‘ miqdori, tranzaksiyalar yoki kredit qarzdorligi kabi ma'lumotlarni bilish uchun xuddi avvalgidek prokuror sanksiyasi kerak.
Yangi qonundagi asosiy o‘zgarishning bu mohiyati parlament va Markaziy bank tarqatgan rasmiy axborotlarda yetarlicha ochib berilmagan. Kun.uz Markaziy bank matbuot xizmatidan qo‘shimcha izoh berishni so‘radi.
“Buni oddiy so‘z bilan tushuntirganda, tergovchi yoki surishtiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxsning bankda hisobvarag‘i bormi yoki yo‘qmi, shuni bila oladi xolos. Bu hisobvaraqda balki 1 so‘m bo‘lishi yoki 1000 so‘m bo‘lishi mumkin, u buni bila olmaydi. Hisobvarag‘ida qancha pul bor yoki hisobraqam aylanmasini jinoyat ishi doirasida faqat prokuror sanksiyasi bilan olishi mumkin”, – deya ma'lum qildi Markaziy bank matbuot xizmati.
Izohda qayd etilishicha, tergovchi va surishtiruvchilarga gumondor shaxslarning banklarda hisobvaraqlari bor-yo‘qligini avtomatik aniqlash imkonini beruvchi dastur ishlab chiqilmoqda.
“Dastur bir oy yoki 20 kunlarda ishga tushadi. Dastur orqali prokuratura va tergov-surishtiruv organlari mijozning bankda hisob-raqami bor yoki yo‘qligini tezda bilishi mumkin bo‘ladi”, – deyiladi MB tomonidan Kun.uz'ga berilgan izohda.
Kun.uz'ning: “Bu dasturdan foydalanish imkoniyati (“dostup”) qaysi organlarda bo‘ladi?” degan savoliga javoban, MB rasmiysi dasturdan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar foydalana olishini ma'lum qildi.
Ma'lumot uchun, tezkor-qidiruv organlariga Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi harbiy razvedkasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi organlari kiradi. Bu ro‘yxatga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi organlari ham qo‘shilishi kutilmoqda.
Bu o‘zgarishlar nega qilindi?
Markaziy bank ham, Bosh prokuratura ham “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgarishni jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tajribani milliy qonunchilikka implementatsiya qilish zarurati bilan tushuntirdi.
“Mazkur me'yor jinoyat sodir etilishining oldini olish va aniqlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Ushbu tartib dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida mavjud bo‘lib, faqat jinoyatchi yoki jinoyatda gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi”, – deyilgan Markaziy bank rasmiy relizida.
Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ham Kun.uz savoliga shunday mazmunda javob berdi.
“Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishi va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasida xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonga tegishli tavsiyalarni bildirgan. Shu tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish masalasida bu qonun qabul qilindi.
99 foiz fuqarolarimiz qonunga itoat qilib yashayapti va ishlayapti. Ularning 1 foizigina qonunni chetlab o‘tmoqchi va noqonuniy daromadlarni olmoqchi. Nega shu toifadagi shaxslarning bank siriga oid ma'lumotlarini olmasligimiz kerak ekan?” – dedi bosh prokuror o‘rinbosari.
Bank sirlari – nozik masala
Maqola yakunida iqtisodchi Otabek Bakirovning shu mavzu yuzasidan bildirgan fikridan iqtibos keltirib o‘tamiz.
“Nazorat va tergov uchun bank siriga oid materiallarni olishni cheksiz osonlashtirish mumkin. Lekin bundan iqtisodiyot ko‘radigan ziyon haddan ziyodligi hamisha asosiy o‘lchov vositasi bo‘lishi kerak.
Bank siriga oid ma'lumotlar bu xuddi intim, yozishmalar, so‘zlashuvlar singari. Ularga nisbatan dostupning tiyilmagan va imkonli bo‘lishi bizni qay tomon yetaklashini zakiylar juda yaxshi tushunadilar”.