Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Chinoz tumanida g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari yoqib yuborilgani haqida videolavha tarqatildi. Holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Ma'lum qilinishicha, Toshkent viloyati Chinoz tumani Oxunboboyev hududidagi M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan «Agrokimyo» fermer xo‘jaligi hududiga qarashli g‘alladan bo‘shagan 2 gektar dala maydonidagi somon poyalari yoqib yuborilgan.
Somonlarning yonishi jarayonida atmosferaga chiqarilgan zararli moddalar bo‘yicha tabiatga yetkazilgan zararning umumiy miqdori 3,6 million so‘mni tashkil etgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismiga asosan BHMning 5 barobari (1 million 225 ming so‘m) miqdorida ma'muriy ish qo‘zg‘atilgan.
«Fursatdan foydalanib, barcha fermer xo‘jaliklari rahbarlarini hosili o‘rib olingan dala maydonlaridagi o‘simlik qoldiqlarini yoqish bo‘yicha qonunchilikda qat'iy choralar belgilanganligi haqida ogohlantiramiz!» deyiladi munosabatda.