Surxondaryo viloyati Boysun tumanida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan shaxs boshqargan mashina soyga qulagan. Oqibatda, uning yo‘lovchisi bo‘lgan 17 yoshli qiz vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 1 iyun kuni soat 16:00larda 4K-105 avtomobil yo‘lining Boysun tumani hududidan o‘tgan 6-kilometrida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.
1996 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvida bo‘lgan Nexia 3 harakatlanib ketayotganda soyga qulagan. Oqibatda 17 yoshli qiz og‘ir tan jarohati olib vafot etgan.
Dastlabki surishtiruvda, mashinani boshqargan shaxs hali haydovchilik guvohnomasi olmagani aniqlangan. U tez harakatlanib borib xavfli burilishga yetganda tajribasizlik qilib, boshqaruvni yo‘qotgan va pastga qulagan.