Xalqimizda biror ishni ko‘p qilganidan qoyillatib bajaradigan bo‘lib qolgan odamga nisbatan falonchi falon ishning «changini chiqargan» degan ibora ishlatiladi. Bugungi suhbatdoshlarimiz kimyo fanining chinakamiga «changini chiqargan».
Bir oilaning uch farzandi hali yosh bo‘laturib kimyodan dars bermoqda. Ular – xalqaro olimpiada g‘oliblari, shogirdlarini ham shunday marraga yetaklagan. Bu ilm shaydolarining hikoyasi hech kimni befarq qoldirmasa kerak.
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi qoshidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 3 aka-singil o‘qituvchilar kimyo fanidan dars beradi. Ular xalqaro kimyo olimpiadalarida g‘olib bo‘lgani, pedagog diplomisiz qanday qilib maktabda dars berayotgani va o‘zlari tashkil qilgan 12 soatlik o‘qitish tizimi haqida so‘zlab berishdi. Ishoning, bu aka-singillarning ilmga intilishi, yosh bo‘lsa-da, yurt kelajagiga befarq emasligi havas qilarli darajada...
Behzod Boltayev Toshkent tibbiyot akademiyasi umumiy jarrohlik yo‘nalishining magistraturasida o‘qiydi. Kimyo fanidan Mendeleyev xalqaro olimpiadasida 2 ta kumush, jahon olimpiadasida 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan. «Shuhrat» medali, «Mard o‘g‘lon» mukofoti va «Xalq ta'limi a'lochisi» ko‘krak nishoni sohibi.
Bobur Boltayev Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomlagan. Mendeleyev olimpiadasida bronza, jahon olimpiadasida 2 marta bronza medal olgan. «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sohibi.
Mohira Boltayeva Toshkent pediatriya tibbiyot instituti 3-bosqich talabasi. Mendeleyev olimpiadasida bronza va jahon olimpiadasida kumush medal olgan. «Zulfiya» mukofoti sohibi. Aka-singillar 2019 yildan buyon Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatida pedagog-tarbiyachi bo‘lib ishlab kelmoqda.
Pedagog diplomisiz dars berish
Behzod Boltayevning aytishicha, aka-singillar iqtidorli talabalarni olimpiadaga tayyorlash maqsadida Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab internatiga taklif qilingan.
«2018 yil bu taklif berilganda jamoamiz 3 kishidan iborat edi: men Behzod Boltayev, ukam Bobur Boltayev va do‘stimiz Javlon Muhsimov. Hozir singlimiz Mohira Boltayeva bilan jamoamiz bir kishiga kengaydi. U ham xalqaro fan olimpiadalarida yutib, qaysidir ma'noda o‘z qobiliyatini bizga isbotlab berdi. Shundan keyin uni ham jamoaga qabul qildik. Hozirda 4 kishilik jamoa bo‘lib harakat qilyapmiz. Bu maktabda ishlashdan oldin ham jamoa bo‘lib ishlab kelganmiz. Dastlab asosiy bazamiz Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi edi. Ya'ni, bu 2013-14 yillarda o‘zimiz tayyorlangan paytlar edi. Litseyni tamomlagach, uning bazasida shu litsey va ko‘plab viloyatlardan kelgan iqtidorli yoshlarning xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlanishiga ko‘mak beryapmiz», deydi qahramonimiz.
«O‘qish tizimimiz deyarli 12 soat davom etadi»
Maktabda darslar qanday tashkillashtirilgani haqida Bobur Boltayev gapirib berdi: «Bizda o‘qish deyarli 12 soat davom etadi. Bu vaqt davomida faqat kimyo bilan shug‘ullaniladi. Ya'ni, 5 soat ma'lum bir olimpiadaning masalasi ishlanadi. Keyin biz o‘zimiz bolalar bilan ishlaymiz. Va yana 3 soat o‘z ustida ishlash bo‘ladi. O‘zbekiston jahon olimpiadasida umumiy hisobda 24 ta medal olgan bo‘lsa, shuning 19 tasi bizning o‘quvchilar va o‘zimizga tegishli. Mendeleyev olimpiadasida 2015 yildan hozirgacha 30 ga yaqin natijani qo‘lga kiritganmiz. Umumiy hisobda xalqaro olimpiadalarda 50 tacha medal qo‘lga kiritganmiz», deydi Bobur.
Mohira Boltayevaning aytishicha, o‘quvchilar bilan ishlashning mas'uliyati katta: «Chunki ularga mening o‘qituvchilarim dars beradi. Ularning qatorida dars berib, o‘qituvchilarim bilan bitta darajaga kelib qolganman. Shuning uchun mas'uliyat ba'zida qiynaydi. Lekin bolalarga dars o‘tish qiyin emas. Men ularga o‘zimning ukam, singlimdek qarayman», deydi aka-singil kimyochilarning kichigi.
«Shu uslub o‘zini oqlaganini ko‘rdik»
Behzod o‘qitish davomida duch kelgan muammolari haqida gapirar ekan ta'limda elastiklik muhim ekanini aytdi: «Ya'ni o‘qituvchining g‘oyasi bor, g‘oyani amalga oshirish metodi ham bor. Lekin uni amalga oshirish uchun byurokratik to‘siqlar shunchalik ko‘pki, uni amalga oshirish ehtimoli ba'zan nolga teng bo‘lib qoladi. Dastlab o‘z uslubimizni taklif qilganda, bu bizning ta'lim tizimimizga mos kelmasligini aytishdi. Lekin biz uchun alohida iqtidorli yoshlardan iborat guruh uchun alternativ sharoit qilib beramiz, deyishdi. Ikki yil ko‘z yumib berishdi ham, rahmat. Biz ba'zi fanlarni o‘qish paytida ham kimyoni o‘qitishga majbur bo‘ldik. Bu uslub yaqinda o‘zini oqladi. Shu maktabda o‘zimizning elastik ta'lim uslubimizni ishlatib ko‘rdik. Xalqaro darajada tan olingan, bu yil 55-marta o‘tkazilgan xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida o‘quvchilarimizning 2 nafari kumush va 1 nafari bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Umuman olganda, O‘zbekiston terma jamoasi bu olimpiadada 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ushbu olimpiadada Rossiya, Ruminiyadan keyin 3-o‘rinda bizning jamoa oltin medallari turibdi», deydi yosh pedagog.
«O‘qitish uchun diplom shartmas»
Behzodning fikrlarini Bobur ham qo‘llab-quvvatladi. Uning aytishicha, diplom hozir hech nimani hal qilmaydi: «O‘qitish diplomga ega bo‘lish degani emas. Ilmi bor odam istalgan odamga nimanidir o‘rgatishi mumkin. Biz o‘zimiz o‘qib turib kimlargadir o‘qitganmiz. Masalan, men litseyda olimpiadada yutganimdan keyin 3-kursligimda akamga yordamchi bo‘lganman. Akam meni o‘qitgan, men unga yordamchi sifatida ma'lum bir darslarni birgalikda davom ettirganmiz», deydi Bobur.
«Biz iqtidorlarni har kuni yo‘qotyapmiz…»
Behzod o‘zbekistonlik o‘quvchilar salohiyatini yuqori baholaydi. Uning fikricha, bu iqtidorlarni e'tiborsizlik tufayli yo‘qotib boryapmiz: «2019 yilgi Jahon olimpiadasida kimyo fanidan Fransiya terma jamoasi 2 ta kumush, 2 ta bronza medal oldi. Xuddi shu olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi ham 2 ta kumush, 2 ta bronza medal oldi. Bu O‘zbekiston bilan Fransiya teng degani emas. Lekin imkoniyatlar teng degani. Iqtisodiy nuqtayi nazardan yoki ilmiy salohiyatni olsak, Fransiya bilan O‘zbekistonni solishtirib bo‘lmaydi. Demak, biz iqtidorlarni har kuni yo‘qotarkanmiz. Ular oramizda yuraveradi, lekin qo‘lidan nimalar kelishini jamiyat ham, uning o‘zi ham tasavvur qila olmaydi va biz shunday katta boyligimizni kundan kunga boy berib bormoqdamiz».
«Dunyo qayoqqa qarab ketayotganini bilish kerak»
Behzod O‘zbekistonda ta'lim tizimidagi fikrlariga qo‘shimcha qilib, bu sohada jur'atliroq o‘zgarishlar qilish kerak deb hisoblashini aytdi: «Hozir olimpiada uchun alohida tashkilot tuzildi. Iqtidorli yoshlar bilan ishlovchi alohida departament bor. Endi olimpiadalar bilan ishlaydigan odamlarda dars berish uchun diplom kerakmas ekan, degan tasavvur paydo bo‘ldi. Ikkinchidan, bugungi zamon pedagogi va o‘qituvchisi dunyo tajribasini o‘zlashtirishga ishtiyoqmand bo‘lishi kerak. Biz yangilik qilmoqchimiz, uchinchi renessans haqida gapiryapmiz. Bu uchun esa avval dunyo qayoqqa qarab ketganini bilish kerak. Avtobus bekatdan ketgan bo‘lsa, uni quvib yetish uchun oldin u qayerda ekanini bilish kerak».
«Kishi ishlayotgan sohasidan qachon ketishini bilishi kerak»
Bobur o‘zlari yaratgan olimpiadachilar tayyorlash sistemasi kabi tizimni qolgan sohalarda ham yaratish niyatida ekanini aytdi: «Qandaydir tizim boshlasangiz, uni imkoniyatingiz yetgunicha olib borish, payti kelganda esa uni davom ettiruvchilariga bera olish kerak. Masalan, kimdir tizim yaratadi, shu darajaga olib chiqdi. Lekin qachondir u ketishi, tizimni yoshlarga – shu narsaning izdoshlariga berishi kerak. Odam bir qiyin joyga tushib qolsa, uning yechimini chiqarolmasa, atrofida aylanaveradi. Uning yechimini chiqarish uchun boshqa bir fikr kerak bo‘ladi. Sistemaga yangi g‘oyalar kerak. Shu paytda siz ketishingiz kerak bo‘ladi. Shunda bu tizim barhayot bo‘ladi».
«Bitta noyob soha mutaxassisi chiqib ketishi shu sohada hamma narsani yo‘qotish bilan teng»
«Bugun talanti bo‘lib turib, byurokratik to‘siqlar sabab bosimdan chiqib ketish uchun chet elga ketadiganlar ko‘p. Chet elga chiqqandan keyin juda kam odam O‘zbekistonga qaytadi. Tasavvur qilaylik, O‘zbekistonda bitta zo‘r transplantolog bor edi. Unga ishlashga berishmadi va u ketib qoldi. Bunda O‘zbekiston nima yo‘qotadi bilasizmi? Butun boshli transplantologiya sohasini yo‘qotadi», deydi Behzod.
«Nega Vatanni qaysidir egoist, jur'ati qolganlardan ortiqroq bo‘lgani uchun ko‘proq daromad qiladiganlarga qoldirish kerak?»
Behzod yoshlarning chet elga chiqib ketishiga sabab ularning jur'atsizligi, mag‘lubiyatni oson tan olishi, kurashuvchanlikning yo‘qligida deb hisoblaydi: «Kimdir iqtidorini ro‘yobga chiqarolmadi, bosh olib ketdi. Bu mag‘lubiyatni tan olish bo‘ladi. Yoshlar irodali bo‘lishi kerak. Nega endi kimgadir yutqazib ketib qolarkansiz? Yoshlarda jangovar ruh bo‘lishi kerak. 1-raundda yutqazdingmi, demak, kuching yetmadi. Kuch to‘plagin-da, 2-raundga chiq. Yana kuching yetmadimi, o‘ylanma, hali raundlar ko‘p-ku?! Xudo bergan umri bo‘lsa, karerasi, hayot yo‘li uzoq bo‘lsa, bu uning yutug‘i. Kuchi yetmadimi, kuch to‘plash kerak. Yoshlar asosan bilim va kasb o‘rganishi kerak. O‘zbekistonda o‘rganilmayotgan sohani chetga borib o‘rganish kerak, biroq vatanda qolib ketgan qarzini unutmasligi kerak. U bu yoqda yutqazib chiqib ketgandi, u yutmas ekan bu soha o‘zgarmaydi».
«Bilim hamma narsani hal qilganda edi…»
«Bu Vatan otalardan bizga meros bo‘lgan, bizdan farzandlarga meros qoladi. Nega bu Vatanni qaysidir egoist, jur'ati qolganlardan ortiqroq bo‘lgani uchun ko‘proq daromad qiladigan insonlarga qoldirish kerak? Bilim hamma narsani hal qilganda edi, bugungi kundagi jamiyatning eng yuqori qatlami bilimlilar bo‘lardi. Ba'zilarning bilimi, kasbi juda yaxshi, lekin jamiyatda pozitsiyasi juda past. Demak, u jamiyatda yutib chiqolmayapti. Unda boshqa sifatlarni ham tarbiyalash kerakki, toki jangovar, irodali, qaytmas bo‘lsin. O‘zining haqiqati bo‘lsa, shu haqiqati uchun kurashadigan inson ham bo‘lish kerak-da! Bugun yoshlarda shu xususiyat sal pastroq. Ketib, qaytib kelmadimi, demak u yutqazdi. Qiyinchilik ko‘rgani uchun ketdi. Endi u yurtda ana shu qiyinchilikni boshqa odam ko‘rmasligini xohlashi kerak», deydi Behzod.
Aka-singil kimyogarlarning kichigi Mohira saratonni erta aniqlash bo‘yicha chuqur ilm olib, bu sohani chet elda o‘rganib kelib O‘zbekistonda rivojlantirmoqchi ekanini aytdi. Ochig‘i, hali mustaqil hayotga endi qadam qo‘yayotgan yosh qiz o‘z ilmi bilan vatandoshlariga yordam berishni istayotgani bizni juda ta'sirlantirdi. Qanchadan qancha soha mas'ullari vatandoshlarning salomatligiga befarq bo‘layotgan bir vaqtda hali qo‘lida diplomi ham bo‘lmagan yoshlarning yurt uchun bu qadar jon kuydirishi kelajakdan yaxshiliklar kutishga umid berdi.
Istagimiz ilmni qadrlaydigan mana shunday yoshlar ko‘paysin. Zero, ilmdan o‘zga najot yo‘q…
Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov