Bu mablag‘lar masjid imom-xatibi Isayev Hidoyatullo nomiga ochilgan plastik kartada bo‘lgan.
2021 yil 29 iyun kuni imomga noma'lum shaxsdan Telegram messenjeri orqali xabar keladi. Unda masjid qurilishi uchun pul o‘tkazmoqchi ekani, buning uchun karta raqami va telefon raqamiga SMS-xabari orqali kelgan kodni yuborishlarini so‘raydi.
Masjid imomi bunday qila olmasligini bildirganidan so‘ng, firibgarlar pul o‘tkazish uchun pasport nusxasini yuborishini, pulni faqatgina shundan so‘ng o‘tkaza olishlarini aytib turib oladi.
Ularga ishongan Isayev Hidoyatullo pasport nusxasini yuboradi. U shundan so‘ng, 29 iyun kuni kechki vaqtda xayriya mablag‘lari uchun ajratilgan plastik kartadan avval 70 million so‘m, birozdan so‘ng 3 million 400 ming so‘mni so‘m yechib olinganini aytmoqda.
Kun.uz suhbatlashgan soha vakillariga ko‘ra, fuqaroning pasport ma'lumotlarini qo‘lga kiritish orqali uning kartasidagi mablag‘larni yechib olish imkoniyati juda kam.
Holat yuzasidan hududiy ichki ishlar bo‘limiga xabar berilgan.