Tumanning Bo‘ston hududida ilk marta soya ekini parvarishlagan dehqonlar mahsulotdan kutilganidan ham yaxshiroq hosil berganini aytmoqda.
Sherobod tumanining asosiy ixtisoslashuvi qurilish materiallari, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, chorvachilik, bog‘dorchilik, bilan birga dehqonchilik muhim o‘rin tutadi.
Qishloq xo‘jaligida paxtachilik, g‘alla va sabzavot yetishtirishda sherobodliklarning tajribasi katta. Shuningdek, anor yetishtirib daromad olish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Endilikda aholi uchun soyadan daromad qilish muvaffaqiyatli boshlandi. Xususan, joriy yilda ochiq maydonlar va anor bog‘lari orasida soya ekini parvarishi sinab ko‘rildi.
Joriy yilning 1-2 iyun kuni mamlakatimiz prezidentining Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Sherobod tumani “Oyinli” mahallasi Bo‘ston hududidagi anorzorlardan biri "Sardorbek Sultonbek" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan bog‘ ko‘zdan kechirilgan edi.
Bugungi kunda mazkur anorzor orasida hamda “Bo‘stonsoy” ko‘p tarmoqli xususiy korxonasi yer maydonida ekilgan soya o‘simligi hosilga kirgan. Yurtimizda ekilayotgan dukkakli don ekinlari orasida soya o‘simligining qadri baland bo‘lib, bug‘doy, sholi va makkajo‘xoridan keyingi o‘rinni egallaydi.
Soyaning doni va oqsilidan to‘rt yuzdan ziyod turli xil mahsulot tayyorlanadi. Uning doni tarkibida 45 foizgacha oqsil va 25 foizgacha o‘simlik moyi, chorva mollari oqsilida kamdan-kam uchraydigan aminokislotalar mavjud. Soya oqsilidan ekologik toza sifatli moy, tarkibida letsitin moddasi saqlaydigan tuxum kukuni, qon plazmalari, ko‘zoynaklar uchun sifatli linzalar olinadi.
- Oldin bu joyga paxta ekib yurgandik, bir ikki yildan beri hosildorlik pasaygandi, - deydi “Bo‘stonsoy” xususiy korxonasi rahbari Turg‘un Soatmurodov. - Paxtadan ikki barobar ko‘proq daromad olishimiz mumkin. Chunki kutilayotgan hosildorlik 40 sentnergacha. 2-sektor hududi "Majnuntol" mahallasida joylashgan “Agroxizmat-Shindong” mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasi bilan kelishuv qilganmiz. Soya yetilishi bilan to‘liq yetkazib beramiz.
Soyaning eng yaxshi xususiyatlaridan biri u yerning cho‘llanishi oldini oladi. Tuproq tarkibidagi o‘g‘itlarni oshiradi, ildizi atrofida tabiiy azot yig‘adi. Shu tarzda yer unumdorligi oshadi.
Mazkur omil ham uchun eng asosiylaridan biri. Ham soya ekib daromad olish, ham yerning tuproq unumdorligini oshirish imkoniyati ko‘pchilik uchun ma'qul kelishi turgan gap.
Sherobod tuman hokimligi axborot xizmati Ⓣ