So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortib bormoqda. Buni so‘nggi statistik ma'lumotlar ham tasdiqlamoqda. 27 iyun kuni 469 kishida, 28 iyun kuni 498 kishida, 29 iyun kuni 487 kishida, 30 iyun kuni 476 kishida, 1 iyul holatiga ko‘ra esa, 495 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Kunlik kasallanish holatlari barqaror ravishda 500 atrofida bo‘lib turibdi. Shu nuqtayi nazardan, Sog‘liqni saqlash vazirligi taklifiga asosan, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan joriy etilgan tartib va cheklovlarga qo‘shimchalar kiritilgandi.
Real vaziyatdan kelib chiqib qaralganda, bu mantiqiy jihatdan to‘g‘ri, albatta. Toshkent shahrida joylashgan «Yoshlik» sport majmuasi yana kovid-markaz sifatida qayta ochilgani esa vaziyat yanada jiddiyligini ko‘rsatuvchi dalildir. Kunning istalgan paytida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilsangiz, bo‘sh mashinalar deyarli yo‘qligini, ularning hammasi koronavirusga chalingan bemorlarni Zangiotadagi markazga tashish bilan bandligini ta'kidlashadi.
Xuddi shunday vaziyat og‘irlashayotgan paytda, amalga oshirilayotgan ba'zi holatlardan mantiq topishga sog‘lom inson aql-zakovati ojizlik qilsa kerak. Amalga kiritilgan cheklovlar va o‘tkazilishi to‘xtamayotgan festival va tadbirlar, jamoat transportida karantin talablariga rioya etilmasligi bir qancha asosli e'tirozlarni yuzaga keltiradi.
Jamoat transportidagi holatlar
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 23 iyun kuni yo‘nalishli avtobus haydovchilari (konduktorlari) va metro kuzatuvchilari niqobsiz bo‘lgan shaxslarni transport vositalari saloniga chiqarmaslik majburiyatlarini olgan edi. Ayni paytdagi vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, jamoat transportida ijtimoiy masofa saqlashning deyarli iloji yo‘q. Metroga tushayotgan yo‘lovchilar faqat nazoratchi yonidan o‘tayotganidagina niqob taqishmoqda. Vagonga kirgandan keyin ularning yarmidan ko‘pi bu talablarga umuman rioya qilishmayapti va bu nazorat qilingani ham yo‘q.
Boshqa tomondan, bitta vagonda kunning istalgan qismida eng kamida 60-70 nafar yo‘lovchi harakatlanmoqda. Odamlarning bir-biriga yaqin va zich joylashishi sabab, nafaqat karantin talablariga umuman rioya qilmagan yo‘lovchilar, balki niqob taqqan odamlarga ham infeksiya yuqish ehtimoli juda yuqori. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, niqob taqish ham infeksiya yuqish xavfini ma'lum darajadagina cheklaydi, xolos.
Bundan tashqari, yo‘nalishli avtobuslarda ham shunga o‘xshash ssenariyni kuzatish mumkin. Kun davomida mingga yaqin odam bilan muloqotda bo‘ladigan konduktorlarning o‘zi doimiy niqob taqish talablariga rioya qilmayotgan paytda, oddiy yo‘lovchilardan yana nima kutish mumkin?
Bir narsaga e'tibor qaratish juda muhim: jamoat transporti infeksiya tarqalishi o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda esa minglab kishilar ulardan kundalik hayotida foydalanishmoqda. Shu sabab, maxsus komissiya qat'iy karantin talablariga rioya qilish bo‘yicha talablar ham kiritdi. Lekin nima uchun bu faqat bir tomonlama bo‘lmoqda? Transport vazirligi nega amaliy choralar ko‘rmayapti? 23 iyundan beri ham talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobuslar tashkil etilmadi, metro vagonlari va avtobus salonlaridagi tirbandlikni kamaytirish uchun belgilangan vaqt oralig‘i qisqartirilmadi. Faqat niqob taqibgina infeksiyadan saqlanishning imkoni yo‘qligi kundek ravshan-ku?
Adog‘i ko‘rinmaydigan festival-u tadbirlar
28 iyun, karantin talablari kuchaytirilgan kun, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri oldida «Tahsin» mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda yuzlab odamlar, xususan, hukumat a'zolari, diplomatik korpus vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishgan. Karantin qoidalariga rioya qilingan holatda o‘tkazilishi aytilgan mazkur tadbir haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoroliklar va fotosuratlar shuni ko‘rsatadiki, tadbir ishtirokchilarining aksariyati qat'iy talablarga rioya qilishmagani, ijtimoiy masofa saqlash faqatgina qog‘ozda ekanligi ayon bo‘ladi.
29 iyun – yoshlar kuni arafasida Toshkent Botanika bog‘ida «Uchinchi renessans bunyodkorlari» shiori ostida Yoshlar va talabalar forumi bo‘lib o‘tdi. Minglab yoshlarni o‘zida jamlagan ushbu tadbirda tashkilotchilar tomonidan karantin cheklovlariga amal qilinishi bot-bot ta'kidlangan bo‘lsa-da, afsuski, bu holatni kuzatmadik. Aksariyat ishtirokchilar ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqib yurish kabi elementar karantin talablariga ham rioya qilishmadi.
30 iyun kuni ham respublikaning turli hududlarida tadbir va festivallar tashkil etildi. Afsuski, bu tadbirlarda ham karantin talablari bajarilmadi.
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev iyun oyi oxirida Toshkentda o‘tkazilgan Yoshlar va talabalar forumi birinchi ish kunida bergan intervyusida «tadbir qatnashchilari koronavirusga qarshi vaksinatsiya qilingani» haqida aytgan.
Ammo keyinchalik agentlik axborot xizmati emlashdan so‘ng ayrim holatlarda inson organizmida tana harorati ko‘tarilishini inobatga olib, vaksinatsiya jarayonlari o‘tkazilmagani, Alisher Sa'dullayevning javobi tushunmovchiliklarga olib kelganini bildirgan. Shuningdek, forumga uzoq hududlardan kelgan yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida tadbirda ishtirok etadigan barcha ishtirokchilar bog‘ga kirish eshiklari oldidagi katta maydonda tashkil etilgan bepul PsR-testdan o‘tkazilgani ta'kidlangan.
Shu o‘rinda qator savollar kelib chiqadi:
1. Forumda minglab yoshlar ishtirok etdi. Ularni birvarakayiga testdan o‘tkazish, undan ham muhimi bu testlarni sifatli tahlil qilgan holda qisqa muddat ichida javoblarni olish uchun yetarli laboratoriya xizmati tashkil qilinganmidi?
2. Test topshirish uchun, uning javobi chiqquncha ham juda ko‘pchilik to‘planib turishi amaldagi karantin qoidalariga qanchalik muvofiq?
3. Bu forum juda katta tadbir, unga bir necha kun davomida tayyorlanilgan. Tayyorgarlik jarayoniga hech kim test topshirib kirmagan-ku?
1 iyul kuni, poytaxtning Humo Arena ochiq maydonchasida 4 mingdan ortiq tomashabin ishtirokida musiqiy festival o‘tkazildi. Festival tashkilotchilari odamlar bir joyga to‘planishining oldini ololmadi. Ijtimoiy tarmoqdagi video va fotosuratlarda ko‘plab ishtirokchilar niqobsiz bo‘lgani aks etgan. Mamlakatda epidemiologik vaziyat kundan kunga og‘irlashayotgan ayni kunlarda bu kabi festivallar qonun va xalqning ustidan kulish bilan barobar emasmi?
E'tibor qaratish lozimki, yoz fasli boshlangandan keyin o‘z-o‘zidan aholi harakatlanishi kuchayadi. Jamoat joylarida odamlar gavjum bo‘ladi. Aholi o‘rtasida o‘zaro aloqalarda faollik ortadi. Bu holatlarning oldini olish o‘rniga minglab insonlarni bir joyga to‘plashga harakat qilayotganlar qanchadan qancha odamlarning hayotini xavf ostiga qo‘yayotganini o‘ylab ko‘rishadimi?
Tashkilotchilar bu tadbirlarni karantin qoidalariga rioya qilgan holda tashkil etishayotganini ta'kidlashmoqda. Shundoq ham odamlar issiq havoda majburiy niqob taqish qoidalariga amal qilmay qo‘yishgan. Virusning eng ko‘p yuqadigan holatlaridan biri ham havo orqalidir. Niqob taqishning kamayishi virus yuqtirish xavfi ortishiga olib keladi. Qo‘pol qilib aytganda, tartib-intizomni yo‘lga qo‘yishning uddasidan chiqishmasa, odamlar hayotini xavfga qo‘yishdan kim manfaatdor o‘zi?
Virus bilan kasallanish xavfi ortayotgani sabab oliy ta'lim muassasalari talabalari masofaviy ta'limga o‘tkazilgandi. Ammo Chirchiq shahrida 14-16 may kunlari Toshkent viloyati hokimligi va O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi o‘n minglab odamlarni bir joyga to‘plab, yoshlar festivali o‘tkazdi, 21-25 may kunlari ochilish marosimida bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev kabi mas'ullar ishtirok etgan, ko‘plab insonlarni bir joyga to‘plab, karantin qoidalariga rioya qilinmagan «1 milliardlik» festival, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida bo‘lib o‘tgan «Yoshlar» festivali, minglab odamlar shafeligida Magic City’ning ochilishini kuzatdik. Bu yerda ma'no va mantiq qani?!
Umumiy ovqatlanish obektlari va savdo maskanlaridagi holatlar
Katta bozorlar hududiga kirib-chiqishda nomigagina o‘rnatilgan nazoratni hisobga olmasa, bu yerda ham ahvol oxirgi paytlarda tushunarsiz ko‘rinishga kelib qolgan. Sotuvchilarning aksariyati sanitariya-epidemiya qoidalariga to‘liq rioya qilmagan holda xaridorlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Ba'zi pala-partish o‘rnatilgan savdo rastalarining gigiyenik holati mutlaqo talabga javob bermaydi.
Shuningdek, 28 iyundan respublika bo‘ylab ko‘ngilochar obektlar – restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obektlari – kafe, oshxona, choyxonalar ishlashiga soat 8:00dan soat 20:00gacha ruxsat berilgandi. Ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlarida tashrif buyuruvchilarga ushbu muassasalar umumiy sig‘imining 50 foizidan qat'iy oshirmagan holda xizmat ko‘rsatish belgilangan.
Kun.uz tomonidan o‘tkazilgan kuzatuvlarga ko‘ra, cheklovlar amaliyotga kiritilganiga bir necha kun bo‘lgan bo‘lishiga qaramay, ovqatlanish obektlaridagi odamlar sig‘imiga doir qoidalarga deyarli amal qilinmayapti. Shu yerda yana o‘rinli savol tug‘iladi, minglab odamlarni to‘plab tungacha konsert berilyapti (Xususan, 1 iyul kuni Humo Arenada tungi soat 23:00da boshlangan konsert), ammo umumiy ovqatlanish obektlarining ish vaqti soat 20:00da tugashi kerak. Vaziyatni inobatga olib, ko‘ngilochar va ovqatlanish obektlari ishlashida vaqt cheklovlari o‘rnatilishini to‘g‘ri qabul qilsa bo‘ladi, ammo nega bu masalaga faqat bir tomonlama qaralyapti?
Internetda Quvada kichik oshxona belgilangan muddatdan ozgina ko‘proq ishlagani uchun 12,5 mln so‘m jarimaga tortilgani haqidagi video tarqaldi. Kamiga nazorat o‘tkazuvchi ichki ishlar xodimlari fuqarolarni haqorat qilayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Yirik tadbirlarga esa vaqt degan tushuncha mavhum, ommaviy chiqishlardan tashqari to‘kin dasturxonlar ham karantinning biror qoidasiga mos emas.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, 30 iyun holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 685 ming 569 kishi vaksinaning 3 dozasini ham qabul qilgan. Bu umumiy aholining atigi 2 foizini tashkil qiladi. Mamlakat aholisining 55 foizdan ortig‘i to‘liq emlangan Isroil kabi mamlakatlarda ham qat'iy karantin tartiblariga rioya qilinayotgan bir paytda, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bir-biriga zid holatlar kishini ajablantiradi.
Bir qarashda odam gavjum joylarda kasallik tarqalishi ko‘payishiga shubha yo‘q, choralar ham shunga yarasha. Lekin odam eng ko‘p to‘planadigan bozorni ochib qo‘yib, kichik do‘kon bilan olishishdan nima foyda?
Abror Zohidov,
Doston Ahrorov