Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida xonadonlardan biridan 1 750 AQSh dollarini o‘g‘irlab ketgan ayol ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 27 iyun kuni Mingtut mahallasi hududida yashovchi T.A. IIBga murojaat qilib, 18-25 iyun oralig‘ida noma'lum shaxs yashash xonadoniga g‘ayriqonuniy kirib, 1 750 dollarni o‘g‘irlab ketganini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «g» bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni X.M. ismli ayol sodir etgani aniqlanib, u protsessual tartibda ushlangan.
Ma'lumot uchun, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.