Chiqitsiz va ziyonsiz biznes - farg‘onalik tadbirkorlar supurgini eksport ham qilishmoqda

Business class 17:56 / 02.07.2021 3156

«G‘aniobod» MFY, Islom mahallasida istiqomat qilib kelayotgan tadbirkor O‘ktamjon Qahhorov uzoq yillardan supurgi yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi. Uning hikoya qilishicha, supurgi jo‘xorisi asosan, bug‘doydan bo‘shagan yerlarda takroriy ekin sifatida o‘stiriladi. Shu kunlarda oilaviy tadbirkorning qo‘li-qo‘liga tegmaydi — ish qizg‘in.

«Tumanimizning aksariyat qishlog‘i ahli supurgi parvarishi bilan mashg‘ul. Bu kasb bilan 20 yildan buyon shug‘ullanib kelyapmiz. Supurgi ekilgach, 2-3 oyda pishib yetiladi. Daladan yig‘ishtirib olib kelingnidan so‘ng shu yerda supurgi tozalanib, sidirilib bog‘lanadi. Keyin esa uni Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilamiz» — deydi O‘ktamjon Qahhorov.

Har yili 50 gektar maydonga supurgi jo‘xorisini ekib kelayotgan oila bir yilda 300 ming – 400 ming dona supurgi chetga eksport qilmoqda.

«O‘rtacha hisobda yillik daromadimiz 50-60 million so‘mni tashkil qiladi. Tayyor holatga kelgan supurgilar hozirgi kunda holatiga qarab 5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha sotilmoqda», — deydi tadbirkor.

Supurgi tayyorlash jarayonini kuzatdik. Ayni paytda 15–20 nafar ishchilar supurgi bog‘lash bilan mashg‘ul ekan.

«Kuz va qish faslida 60–70 nafargacha ishchi ishlaydi. Doimiy xodimlarimiz hozirda Rossiya va Qozog‘istonda ishlashyapti.Ular kech kuzda qaytib kelishib, yana o‘z ish joylarida — oilaviy korxonamizda supurgi bog‘lashadi», — deydi O‘.Qahhorov.

Bu kasb bilan ota-bobolari ham shug‘ullanishganini aytgan tadbirkor, oilaviy tadbirkorlikning bu turi avlodlarga ham meros qolishini ta'kidlab o‘tdi.

«Supurgi biznesi juda daromadli. Supurgini bozorda sotsak, poyasini qoramolga beramiz, donini qo‘yga beramiz. Qalin poyalarini esa tandirda yoqib, non pishiramiz. Supurgidan aslo ziyon qilmaysiz», — deydi tadbirkor O‘ktamjon Qahhorov.

Sarvar Ziyayev tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: