Yillik nisbatda yog‘-moy mahsulotlari 1,5 barobarga qimmatlashgan

Iqtisodiyot 10:05 / 01.07.2021 7772

2021 yilning iyun oyida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 0,2 foizga arzonlashdi. Ushbu holat asosan mavsumiy omil bilan tavsiflanmoqda. Taqqoslash uchun, 2020 yilning iyun oyida tovarlar va xizmatlar oy davomida o‘rtacha 0,3 foizga, 2019 yilda esa 0,5 foizga arzonlashgan.

Joriy yil boshidan beri narxlarning umumiy o‘sish darajasi 4,4 foizni, o‘rtacha oylik o‘sish darajasi esa 0,7 foizni tashkil etmoqda. Yillik inflatsiya darajasi esa 10,9 foizga yetdi.

2021 yil iyun oyidagi yillik umumiy inflatsiya o‘tgan yilning iyun oyidagi ko‘rsatkichdan 3,3 foiz bandga va 2019 yilning iyun oyidagi ko‘rsatkichdan 2,7 foiz bandga past bo‘ldi.

Iyun oyi davomida oziq-ovqat mahsulotlari 0,9 foizga arzonlashgan bo‘lsa, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,5 foizga, xizmatlar narxi esa 0,2 foizga qimmatlashgan.

Joriy yilning besh oyi davomida oziq-ovqat mahsulotlarida uzluksiz narxlar oshishidan keyin, iyun oyida pasayish kuzatildi. Narxlar pasayishida yetakchilik mevalar va yong‘oqlar (3,8 foiz), yog‘-moy mahsulotlari (2,8 foiz), sabzavotlar va dukkaklilar (2,6 foiz) hamda sut mahsulotlari va tuxumga (1,6 foiz) tegishli bo‘lgan. Shuningdek, go‘sht mahsulotlari, shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar sezilarli darajada oshdi (0,4 foiz).

Umumiy qilib olganda, yog‘-moy mahsulotlari o‘tgan yilning dekabriga nisbatan narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikni davom ettirmoqda (22,5 foiz). Bundan tashqari, 2021 yilning I yarim yilligida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi uchlikdan mevalar va yong‘oqlar (16,1 foiz) hamda shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (7,1 foiz) o‘rin oldi. Yillik nisbatda yog‘-moy mahsulotlari (1,5 barobarga), sabzavotlar, ildizmevalilar va dukkaklilar (27,4 foiz), shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (15,7 foiz), go‘sht mahsulotlari (14,5 foiz), sut, boshqa sut mahsulotlari va tuxum (11,6 foiz) sezilarli darajada qimmatlashgan.

Ko‘proq yangiliklar: