Turkiyada bugundan boshlab qanday cheklovlar bekor qilindi?

Jahon 20:44 / 01.07.2021 5709

Komendantlik soati butunlay bekor qilindi

Covid-19 epidemiyasiga qarshi kurash doirasida kechqurun 22:00 dan 05:00 gacha qo‘llanilgan komendantlik soati kecha oxirgi marta amalda bo‘ldi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan e'lon qilingan yangi normallashish jarayoni bilan bog‘liq ko‘rsatmalarga ko‘ra, barcha korxonalar litsenziyada qayd etilgan vaqtga muvofiq holda ochiq qoladi, komendantlik soati esa butunlay bekor qilinadi.

Qayd etish joiz, 21 iyun kuni prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligida bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishida holatlar sonining kamaygani va emlash dasturi tezlashgani sababli iyuldan so‘ng normallashuv jarayoniga o‘tishga qaror qilingandi.

Shaharlararo sayohatlarga taqiq bormi?

Bekor qilingan yana bir cheklov shaharlararo sayohatlar bilan bog‘liq.

Komendantlik soati amalda bo‘lgan vaqt va kunlarda shaxsiy transportlarda faqat maxsus ruxsat bilan amalga oshirilayotgan shaharlararo sayohatlarga ham erkinlik berildi.

Ko‘rsatmada qayd etilishicha, «2021 yil 1 iyul, payshanba kuni soat 05:00 dan e'tiboran, ish kuni yoki dam olish kuni bo‘lishidan qat'i nazar, komendantlik soati va shaharlararo sayohat cheklovlari bekor qilinadi va ushbu sanadan e'tiboran komendantlik soati va shaharlararo sayohat cheklovlari qo‘llanilmaydi».

Jamoat transporti qay tartibda ishlaydi?

Bekor qilingan yana bir cheklov jamoat transporti bilan bog‘liq. Bugun, ertalab soat 05:00 dan e'tiboran, shahar va shaharlararo jamoat transporti vositalarida yo‘lovchilarga qo‘yilgan cheklov ham bekor qilindi.

Bundan tashqari, 65 yoshdan oshgan va 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning jamoat transportidan foydalanishiga qo‘yilgan taqiqlar ham bekor qilindi.

Qayerlar ochiq bo‘ladi?

Ichki ishlar vazirligi chilim sotuvchilardan tashqari, o‘z faoliyatini to‘xtatib turgan barcha korxonalar 1 iyuldan boshlab o‘z faoliyatini qayta boshlashi mumkinligini bildirdi. 

Ko‘rsatmaga muvofiq:

  • kinoteatrlar faoliyat yuritadi;
  • ovqatlanish joylarining yopiq yoki ochiq qismlarida bir vaqtning o‘zida bir stolda o‘tiradiganlar soniga cheklovlar qo‘yilmaydi;
  • o‘yinlar o‘tkaziladigan ish joylarida o‘yinlar o‘ynash/o‘ynatish bo‘yicha mavjud cheklovlar bekor qilinadi;
  • barcha ish joylari litsenziyadagi faoliyat sohasiga muvofiq, tegishli ma'muriyat tomonidan belgilangan ochilish-yopilish soatlari doirasida xizmat ko‘rsatadi;
  • ushbu masala bo‘yicha yangi qaror qabul qilingunga qadar soat 24:00 gacha musiqiy eshittirishlar (shu jumladan, jonli ijro) qilinishi mumkin;
  • parklar, bog‘lar, lagerlar, piknik/dam olish maskanlariga oid cheklovlar ham bekor qilinadi.

Nikoh va to‘y marosimlari qay tartibda o‘tkaziladi?

Nikoh va to‘y marosimlariga qo‘yilgan cheklovlarning ham muhim qismi bekor qilindi.

Ichki ishlar vazirligining ko‘rsatmasiga muvofiq, endi nikoh va to‘y marosimlarida oziq-ovqat va ichimlik xizmatini ko‘rsatishga ruxsat berildi, musiqa sadolari esa soat 24:00 ga qadar yangrashi mumkin.

Bundan tashqari, bunday marosimlardagi ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qo‘yilgan cheklov ham olib tashlandi.

«Epidemiyani nazorat qilish qo‘llanmasidagi «To‘y marosimlari paytida ijtimoiy masofa saqlash imkonsiz bo‘lgan o‘yinlar, raqslar yoki namoyishlar o‘tkazilmasligi kerak» degan qoida bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi izoh berdi. Vazirlik «yangi tavsiya olingunga qadar nikoh va to‘ylarda raqs yoki namoyishlar faqat ijtimoiy masofa qoidasini buzmaydigan tarzda o‘tkazilishi mumkin»ligini ma'lum qildi.  

Umumiy yig‘ilish, konsert va festival kabi tadbirlar ochiq joylarda bir kishiga 4 kvadrat metr, yopiq joylarda esa 6 kvadrat metr maydonni ajratish sharti bilan o‘tkazilishi mumkin.

Ko‘rsatmadan yana qanday tartiblar o‘rin olgan? 

Ko‘rsatmada, shuningdek, davlat muassasalari ish vaqtining odatiy tartibga qaytishi va chegara darvozalarida amalga oshiriladigan ba'zi yangi qoidalar ham o‘rin olgan.

Ushbu qoidalarga ko‘ra:

  • turar joy binolariga oid cheklovlar bekor qilindi;
  • turar joy binolari (restoranlar, klublar va boshqalar) ichida gavjumlikning oldini olish va ijtimoiy masofa qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha choralar ko‘riladi;
  • davlat muassasalari va tashkilotlari normal ish tartibiga qaytadi;
  • Bangladesh, Braziliya, Janubiy Afrika, Hindiston, Nepal va Shri-Lankadan Turkiyaga kelganlar va so‘nggi 14 kunda ushbu mamlakatlarda bo‘lganligi aniqlanganlar uchun majburiy karantin amaliyoti tugatiladi;
  • Afg‘oniston va Pokistondan Turkiyaga kelgan va oxirgi 14 kunda ushbu mamlakatlarda bo‘lganligi aniqlangan shaxslar uchun majburiy karantin muddati 10 kunga qisqartiriladi;

Turkiyaning chegara darvozalariga kirishda 72 soat oldin o‘tkazilgan salbiy natijali PCR testi ma'lumotnomasini taqdim eta olmagan Turkiya fuqarolariga chegara darvozalarida PCR yoki tezkor antigen testi qo‘llangandan keyin o‘z yashash manzillariga borishga ruxsat beriladi. Testi musbat natijalilar esa o‘z yashash joylarida izolyatsiyaga olinadi.

Ma'lumot o‘rnida qayd etish joiz, 1 iyul holatiga ko‘ra, Turkiyada 50 mln doza miqdorida emlash ishlari amalga oshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: