“Tariximizga tosh otishga hech kimning haqqi yo‘q” - Shavkat Mirziyoyev ayrim tiktokerlarning xatti-harakatlarini tanqid qildi

Jamiyat 15:37 / 01.07.2021 22501

«Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan xunuk voqealar, ya'ni joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan noma'qul harakatlar meni nihoyatda ranjitdi.

Bu bolalarning ota-onasi, bobo-momolari, o‘qituvchi va muallimlari, qolaversa mahalla-ko‘y, yoshlar bilan ishlaydigan mas'ul mutasaddilar qayerga qarayapti? Vatanimiz yoshlariga mutlaqo yarashmaydigan, barchamizga isnod keltiradigan bunday salbiy ko‘rinishlarga jamiyatimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi zarur.

Kerak bo‘lsa, xalqimizning muqaddas qadriyatlari, timsollari va tabarruk qadamjolariga bepisand munosabatda bo‘ladigan kimsalarga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytiramiz. Bunday buzg‘unchi ishlarning oldini bugun olmasak, ertaga kech bo‘ladi.

Tariximizga, Navoiy bobomizga, Motamsaro onamizga tosh otishga hech kimning haqqi yo‘q. Nega bunday harakat qilganlarga jamoatchilik keskin munosabat bildirmayapti?! Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun javobgarlikni kuchaytirish kerak.

Shuning uchun Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, viloyat, tuman va shahar hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha muovinlarining, oliygohlardagi tegishli prorektorlarning maqomi, vakolati va mas'uliyatini oshirish, ish uslublarini o‘zgartirish va mutlaqo takomillashtirish kerak.

Parlament palatalari ana shunday mutasaddi rahbarlar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash va ularning hisobotlarini eshitib borish tartibini joriy etishi o‘rinli bo‘lardi», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: