O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, oradan 3 yil o‘tib muomalaga kiritilgan milliy valuta – so‘m respublikaning barcha hududlarida yagona to‘lov vositasi sifatida amal qilib kelmoqda.
Milliy valutamizning muomalaga kiritilganiga 27 yil to‘lgani munosabati bilan uning rivojlanish tarixi va so‘m haqidagi qiziqarli ma'lumotlarni taqdim qilamiz.
1994 yil 16 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining milliy valutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida»gi farmonga muvofiq, 1994 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston hududida qonuniy to‘lov vositasi bo‘lgan milliy valuta – so‘m muomalaga kiritildi.
Tarixga nazar tashlasak, so‘m eng qadimgi atamalardan biri bo‘lib, Firdavsiyning «Shohnoma» asarida pul solingan qopcha (xalta) ma'nosida qo‘llanilgan. XIV asrda Oltin O‘rda xonligida so‘m atamasi muayyan og‘irlikdagi kumush quymalarga nisbatan ishlatilgan.
Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatda sovet rubli pul birligi sifatida muomalada edi. 1992 yilning yanvaridan iste'mol bozorini himoyalash va mahsulotlarni faqat O‘zbekiston fuqarolariga sotish uchun bir martalik kuponlar bosib chiqarilgan. 1993 yilning 15 noyabrida so‘m-kupon muomalaga chiqarilgan. Shundan so‘ng 1 hafta o‘tib –22 noyabrgacha gazeta qog‘ozida chop etilgan va tashkilotining muhri uriladigan kartochkasi qirqib olinuvchi bir martalik kuponlar pul birligi sifatida muomalada bo‘lgan.
So‘m-kuponlar 9,5 oy muomalada bo‘lib, 1994 yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekistonning milliy valutasi – so‘m muomalaga kiritilganidan so‘ng ham, 1994 yilning 1 avgustiga qadar amal qilgan.
So‘m dastlab 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyinlik tangalar hamda 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so‘mlik qog‘oz kupyuralar bilan bir vaqtning o‘zida muomalaga kirgan.
Ushbu qog‘oz pullarning hammasi Germaniyaning «Giesecke & Devrient» firmasida chop etilgan. 1 so‘m 100 tiyinga maydalangan.
Aytish joizki, so‘m muomalaga kiritilgan kunda valuta birjasida 1 AQSh dollarining qiymati roppa-rosa 7 so‘mga teng bo‘lgan.
200 so‘mlik banknotalar va boshqa keyingi barcha kupyuralar Toshkentdagi «Davlat belgisi» DIChB davlat korxonasida bosilmoqda.
Eng kichik kupyura 1 so‘mlikning orqa tarafida – Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, 3 so‘mlikda – Buxorodagi Chashmai Ayyub maqbarasi, 5 so‘mlikda – O‘zbekiston Milliy bog‘idagi Alisher Navoiy sharafiga o‘rnatilgan haykal va me'moriy kompozitsiya, 10 so‘mlikda – Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasi, 25 so‘mlikda – Samarqanddagi Shohi Zinda tarixiy-me'moriy ansambli, 50 so‘mlikda Samarqanddagi Registon tarixiy-me'moriy ansambli, 100 so‘mlikda – Toshkentdagi Xalqlar do‘stligi saroyi tasvirlangan.
1997 yil 1 martdan 200 so‘mlik, 1999 yil 1 iyuldan 500 so‘mlik, 2001 yil 1 sentyabrdan 1000 so‘mlik banknotalar muomalaga chiqarilgan.
Ushbu kupyuralardan boshlab, milliy valutaning dizayni o‘zgartirilib, 144 x 78 mm o‘lchamda chop etila boshlangan.
200 so‘mlikda Samarqanddagi Registon ansamblining Sherdor madrasasida tasvirlangan quyosh orqalagan sherning ramziy tasviri, 500 so‘mlikda Toshkentda Amir Temurga o‘rnatilgan haykal, 1000 so‘mlikda Toshkentdagi Temuriylar tarixi muzeyi binosi tasvirlangan.
5 ming so‘mlik kupyuralar 2013 yil 1 iyuldan, 10 ming so‘mlik banknotalar 2017 yil 10 martdan, 50 ming so‘mlik pul biletlari 2017 yil 22 avgustdan, 100 ming so‘mlik esa 2019 yil 25 fevraldan boshlab muomalaga kiritilgan.
5 ming so‘mlikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosi, 10 ming so‘mlikda Senat binosi (tez orada to‘la Prezident Administratsiyasiga aylanadi), 50 ming so‘mlikda Mustaqillik maydonidagi Ezgulik arkasi va Forumlar saroyi, 100 ming so‘mlikda Mirzo Ulug‘bek haykali va observatoriyasi tasvirlangan.
Eng so‘nggi bo‘lib chiqarilgan kupyuralar – 2 ming va 20 ming so‘mliklar. Ular 2021 yil 14 iyundan boshlab muomalaga chiqarildi.
1 ming, 5 ming, 10 ming, 50 ming va 100 ming so‘mlik kupyuralarning o‘lchami bir xil – 144 x 78 mm. Yangi chiqqan 2 ming va 20 ming so‘mlik banknotalar ulardan farq qiladi: 2 000 so‘mlik – 142 x 69 mm, 20 000 so‘mlik – 147 x 69 mm.
2 ming so‘mlik banknotaga Poykend arxeologiya yodgorligi, Buxorodagi ark va Buyuk ipak yo‘lining ramzi sifatida tuya tasvirlari tushirilgan.
20 ming so‘mlik banknotada esa Qoraqalpog‘istondagi Qo‘yqirilgan qal'a va Jonbos qal'a arxeologik yodgorliklari aks etgan.
Tanga so‘mlar
So‘m qadri tushib borishi bilan past nominaldagi qog‘oz pullar tanga shaklidagi so‘mlarga almashtirib borildi.
Jumladan, 1997 yilda ilk marta 1, 5 va 10 so‘mlik tangalar muomalaga kiritilgan. Bunday ko‘rinishdagi tanga so‘mlar 1998, 1999 yillarda ham ishlab chiqarilgan. 2000 va 2001 yillarda 1, 5 va 10 so‘mlik tangalarning hajmi kichraytirilgan va dizayni o‘zgartirilgan.
Bundan tashqari, po‘lat, mis va nikel qotishmali 50 so‘mlik (2001) va 100 so‘mlik (2004) tangalar ham chiqarilgan.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan turli yubiley sanalari va boshqa shaxslarga atab esdalik tangalari ham bosilgan.
Jumladan, qimmatbaho bo‘lmagan metallar – nikel bilan qoplangan po‘latdan Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga atab 25 so‘mlik (1999), Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga atab 50 so‘mlik (2002), Toshkent shahrining 2200 yilligiga atab ikki xil 100 so‘mlik (2009), O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligiga atab 500 so‘mlik (2011) esdalik tangalari katta tirajda chiqarilgan va real muomalaga ham kiritilgan.
2001 yilda Alisher Navoiy tavalludining 560 yilligiga atab 100 so‘mlik jyez tanga ham chiqarilgan.
Yaqin vaqtlar ichida so‘mning grafik belgisi tasdiqlanishi kutilmoqda.
Doston Ahrorov,
Madina Ochilova