O‘zbekistonlik onkolog shifokorlar koreyalik hamkasblari bilan teleko‘prik o‘rnatdi

Jamiyat 10:26 / 01.07.2021 5020

Joriy yilning 14 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi. Bunda Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi uchun yangi binolar qurish va jihozlash bo‘yicha loyihaga alohida e'tibor qaratilgan, malakali shifokorlar tayyorlash bo‘yicha rejalar haqida ham ma'lumot berilgandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yangi binolar qurish va jihozlash bo‘yicha loyiha uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududidan 5 gektardan ziyod yer maydoni ajratilgan. Bunday kasalliklar bo‘yicha eng ko‘p murojaat markazning Toshkent shahri va Toshkent viloyati filiallariga to‘g‘ri kelgani inobatga olinib, ushbu shifoxonalarni yagona muassasa sifatida birlashtirish taklifi bildirilgandi.

29 iyun kuni o‘tkazilgan teleko‘prikda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov va Seul milliy universitetining Bundang klinikasi bosh shifokori Pek Nam Chjon boshchiligidagi soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Koreyalik mutaxassislar yurtimizda onkologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan markaz, uning filiallari faoliyati bilan tanishdi.

Muloqot davomida ikki davlat mutaxassislari yurtimizda barpo etilayotgan 650 o‘rinli yagona muassasa sifatida yaratiladigan onkologiya markazining qurilishi, jihozlanishi, diagnostika va davolash ishlarini tashkil qilish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdi.

Ushbu muassasa 2023 yilning birinchi choragidan bemorlarni qabul qilishi, salohiyatli mutaxassislar va yuqori texnologik uskunalar bir joyda jamlanishi natijasida xastalarni davolash sifati ortishi va ularning sarson bo‘lishining oldi olinishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, saratonga tashxis qo‘yish va davolash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zbekistonlik shifokorlar uchun treninglar tashkil etish, Bundang klinikasining yetakchi mutaxassislarini O‘zbekistonga taklif etish, shuningdek, tibbiyot muassasalarini raqamlashtirishda Janubiy Koreya tomonining eng yaxshi amaliyotlarini joriy etish yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir davomida onlayn konsultatsiyalar tashkil qilinib, ikki shifoxona mutaxassislari yurtimizdagi munozarali bemorlar holatini muhokama qilib, klinik tavsiyalar olindi.

Shuningdek, onkologik kasalliklarni erta tashxislash va skriningini tashkil qilish yo‘nalishida Koreya tajribasini joriy qilish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Eng dolzarb bo‘lgan kasalliklar, jumladan, ko‘krak bezi saratoni, bachadon bo‘yni saratoni va kolorektal saratonni tashxislash va davolash bo‘yicha vebinarlar tashkil qilishga kelishib olindi.

Telemeditsina imkoniyatlaridan foydalanib amalga oshirilgan ushbu tadbir davomida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Seul milliy universiteti Bundang klinikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki tomonlama mutaxassislar almashinuvini tashkil qilish, davolash taktikalari hamda o‘quv-uslubiy materiallar bilan almashish, ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik o‘rnatish imkonini beradi.

Shuningdek, joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasiga amaliy tashrif bilan bo‘lgandi. Safar davomida davlat rahbarining tizimni rivojlantirishda Koreya tajribasini qo‘llash bo‘yicha topshirig‘idan kelib chiqib, delegatsiya Seul milliy universitetining Bundang shifoxonasi faoliyati bilan tanishgandi.

Ma'lumot uchun: Seul milliy universiteti Bundang shifoxonasi universitetning tibbiyot bo‘limi sifatida 2003 yilda ochilgan. Shifoxona Janubiy Koreyada tibbiyot yo‘nalishida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ushbu shifoxona AQShdan tashqarida 7 bosqichli sertifikatni qo‘lga kiritgan birinchi muassasa hisoblanadi. U AQSh tibbiyot axborot jamiyati tomonidan eng yuqori darajadagi axborotlashtirish sohasida tan olingan. Muassasa AQSh va Yaqin Sharq mamlakatlariga zamonaviy tibbiyot axborot tizimlarini eksport qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: