Davlat soliq qo‘mitasining xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 249-sonli qaroriga muvofiq, mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) ning yagona elektron milliy katalogi tasdiqlandi.
Qaror bilan DSQga mahsulotlarning yagona elektron milliy katalogi (pozitsiya, subpozitsiya, brend va atribut) ni kengaytirib borishi, ya’ni mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kod (MXIK) larini shakllantirishi vakolati berildi.
Mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodi ma’lum bir mahsulot yoki xizmat turiga tayinlangan belgilar (raqamlar) to‘plami ko‘rinishida taqdim etilgan mahsulot va xizmatlarning kodi hisoblanadi.
Rasmiy xabarga ko‘ra:
- elektron katalog bazasida mahsulot va xizmatlarga bosqichma-bosqich 17 raqamli identifikatsiya kodlari yaratilmoqda;
- hozirda yuqori likvidli mahsulotlar, dori vositalari, tamaki va alkogol mahsulotlari hamda imtiyoz qo‘llanilgan mahsulot va xizmatlar uchun 10 mingdan ortiq identifikatsiya kodlari yaratildi;
- Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq, MXIK kodlari elektron hisobvaraq-fakturalar, elektron shartnomalar hamda onlayn-NKM yoki virtual kassa cheklarida aks ettirilishi lozim;
- o‘zgarishlar joriy yilning 1 iyul sanasidan ommaga to‘liq joriy qilinadi.
Avvalroq, 1 iyuldan boshlab parrandachilik, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim hamda chorvachilik sohalariga beriladigan imtiyozlar haqida xabar qilingandi.