Markaziy bank O‘zbekistonning tashqi qarzi miqdori va uning o‘sishi sabablarini ma'lum qildi

Iqtisodiyot 20:10 / 30.06.2021 15280

Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi joriy yil boshiga nisbatan 1 foizga yoki 310,6 mln dollarga oshdi va 2021 yil 1 aprel holatiga 34,2 mlrd dollarni tashkil qildi.

Xususan, o‘tgan chorakda davlat tashqi qarzi 156,7 mln dollarga kamayib, jahon bozorida O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalari narxlarining tushishi, davlat qarzi bo‘yicha asosiy qarz to‘lovlari amalga oshirilishi va kurslar o‘zgarishi hisobiga 21,2 mlrd dollarni tashkil qildi.

Xususiy tashqi qarz esa hisobot davrida 467,3 mln dollarga oshib, ushbu o‘sish asosan banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Yanvar-aprel oylarida xususiy sektor tomonidan jami 1,3 mlrd dollar miqdoridagi qarzdorlik jalb qilindi. Ushbu qarzlarning – 907,5 mln dollari banklar hissasiga to‘g‘ri kelsa, neftgaz va energetika sektoridagi korxonalar – 179,8 mln dollar va iqtisodiyotning boshqa sektorlari tomonidan – 188,4 mln dollar jalb qilingan. Davlat tomonidan esa 349 mln dollar miqdorida qarz olingan», deyiladi hisobotda.

Ma'lum qilinishicha, 1-chorakda davlat tashqi qarzi bo‘yicha 200 mln dollar miqdoridagi asosiy qarz va 67 mln dollar miqdoridagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan.

Xususiy tashqi qarz to‘lovlari asosiy qarz bo‘yicha 687 mln dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 94,3 mln dollarni tashkil qilgan.

Markaziy bankka ko‘ra, 2021 yil 1 aprel holatiga yalpi tashqi qarz qoldig‘i 441,9 mln dollarga oshib, 36,8 mlrd dollarni tashkil qildi.

Avvalroq, 2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston tashqi qarzining umumiy hajmi 33,8 milliard dollarni tashkil etgani xabar qilingandi. 

2020 yil 1 yanvar holatiga respublikaning umumiy tashqi qarzi 24,6 trln dollar bo‘lgan. 

Ko‘proq yangiliklar: