Forishlik go‘jachi ayollar joriy qilgan tartib: monopoliyadan xoli demokratiya

Jamiyat 17:51 / 30.06.2021 14704

Forishga kirib borishda Qoratosh qishlog‘i joylashgan. Tog‘lar, qirlar va buloqlari ko‘p. Kinobop joylar. Tuman markaziga boruvchilar shu qishloqni bosib o‘tishadi va albatta go‘jachi onalar, opalarning chaylasida mehmon bo‘lishni odatga aylantirishgan ekan.

Oyjamol Tolipova qishloqdagi eng tajribali go‘ja tayyorlovchilardan biri. Onaxon 1982 yildan shu yerda go‘ja sotishni boshladik, deydi. U kishi dastlab go‘janing bir kosasi 50 tiyindan sotilganini esladi. Forishliklarning ota-bobolari avvaldan go‘ja tayyorlashga usta bo‘lishganini, an'ana avloddan avlodga o‘tib kelganini ma'lum qildi. Ular hozirgi vaqtda go‘jani to‘rt xil mahsulot — bug‘doy, makkajo‘xori, jo‘xori hamda guruchdan tayyorlashayotgan ekan.

Bir holat e'tiborimizni tortdi: go‘jachi ayollar xaridor kelganida ularning oldiga yugurib chiqishmas ekan. Yoshi ulug‘lar chaylada soyalab turishibdi, yosh qizlar qo‘lda daftar tutib, ro‘yxat qilib olishgan. Olg‘ir va chaqqonlar emas, hamma birdek go‘ja sotarkan. Kimning navbati kelsa, xaridor o‘shaning go‘jasidan olishi kerak bo‘larkan.

Hamida Eshonqulovaning aytishicha, hech qachon ular «go‘jamni birinchi bo‘lib sotib ketaman», deb tortishib qolishmaydi. Qishloqda oltmish nafar go‘ja sotuvchi ayollar bo‘lib, ular o‘ziga xos tartib joriy qilishgan. Aytaylik, bir kun o‘ttiz nafar xotin-qizlar go‘ja olib chiqsa, ertasi kuni qolgan o‘ttiz nafarining navbati. Har kuni sotaman, degan qoida yo‘q. Ayollar bir kun uy ishlari, taomni tayyorlash bilan band bo‘lisharkan. Omadimiz kelsa, kuniga 20-25 kosagacha go‘ja sotamiz, ayrim kunlari bir kosa ham sotilmasligi mumkin, dedi Hamida opa.

Biz shuningdek, go‘jani tayyorlash mashaqqati, kelida makkajo‘xori donini ezish jarayoni haqida ham bilib oldik. Mahsulotni maydalash va tozalab olish uchun o‘rtacha ikki-uch soat vaqt sarflanarkan. Taom pishguncha yetti-sakkiz soat qaynatilishini ma'lum qilishdi.

Hamida opa go‘janing bir kosasining narxi besh ming so‘m bo‘lganiga istihola bilan izoh berdi. Shu vaqtga qadar to‘rt ming so‘mdan sotilgan ekan. Ammo bu taomni tayyorlash jarayoni, mashaqqati, sarflanadigan mehnat va qolaversa, taomga solinadigan mahsulotning narxini hisobga olsak, go‘ja qimmat emas. Qolaversa, go‘ja to‘yimli, foydali va mazali. Bir kosasi bilan ham inson qanoat qilishi mumkin.

Bildikki, ushbu qishloqda go‘ja va ayronni bir necha xil uslubda, o‘ziga xos tarzda tayyorlash kecha yoki bugun paydo bo‘lgan an'ana emas. Zamonaviy dunyo, innovatsion yondashuvlarning go‘ja pishirishga aloqasi yo‘q. Chunki aynan Qoratosh qishlog‘i xotin-qizlari shu ko‘prik va buloq yoqasida go‘ja sotishni boshlaganiga qirq yildan oshgan. Go‘jachilik qachon va qanday paydo bo‘lgani, nega qoratoshliklar bu taomni mohirlik bilan tayyorlay olishining sirini ular bilan suhbat davomida anglagandek bo‘ldik.

Ta'bir joiz bo‘lsa, go‘jachi ayollar joriy qilgan tartibda demokratiya bor. Hamma mahsulotini navbat bilan, teng o‘tkazadi, monopoliya yo‘q. Birov birovni yomon ko‘rmaydi, alohida imtiyoz olmaydi. Hamma taomini yaxshi pishiradi, hech kimning savdosi sinmaydi. Xulosamiz shu.

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin HOTAMOV.

Ko‘proq yangiliklar: